
G‘azoning ayrim hududlarida har kuni 10 soatlik harbiy tanaffus e’lon qilinadi
28.07.2025 | 11:0014554
Isroil armiyasi kuchayib borayotgan xalqaro tanqidlar fonida harbiy harakatlarni ayrim hududlarda har kuni 10 soatga to‘xtatishini ma’lum qildi. Bu davr mobaynida gumanitar yordamni xavfsiz yetkazish va tinch aholining muhofazasini ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, harbiy harakatlar har kuni soat 10:00 dan 20:00 gacha, Al-Mavasi, Deir al-Balah markazi va G‘azo shimolidagi hududlarda to‘xtatiladi. Shuningdek, har kuni soat 06:00 dan 23:00 gacha oziq-ovqat va dori-darmon yuklagan karvonlar uchun xavfsiz yo‘laklar ochiladi.
Isroil armiyasi ma’lum qilishicha, insonparvarlik yordami 100 dan ortiq yuk mashinasi orqali, 25 tonnacha yordam esa parashyutlar orqali havodan yetkazilgan. BMT va xalqaro tashkilotlar bu choralarni olqishlab, yanada kengroq yordamga ehtiyoj borligini bildirmoqda.
BMTning gumanitar koordinatori Tom Fletcherning aytishicha, bu bir qadam oldin, ammo ocharchilik va sog‘liq inqirozining oldini olish uchun yetarli emas. Unga ko‘ra, Isroil yordam hajmini oshirishga rozi bo‘lgach, ba’zi cheklovlar yumshatilgan.
Shu bilan birga, BAA va Iordaniya tomonidan 25 tonna yordam havo orqali tushirilgan. Ammo bu usul yer orqali yetkazishning samaradorligini to‘liq qoplay olmaydi. Misr Qizil Yarim Oy jamiyati 100 dan ortiq yuk mashinasini Xon-Yunusga yuborgan, lekin ularning ayrimlari talon-toroj qilingani aytilmoqda.
Falastinliklarga ko‘ra, bu yordam insonparvarlik inqirozini bartaraf etishga yetarli emas. Soңgi 24 soatda ochlik sabab 6 kishi vafot etgan, urush boshlangandan buyon bunday holatlar soni 133 nafarga yetgan. Ulardan 87 nafari bolalar.
AQSH prezidenti Donald Tramp Isroil kelgusida qanday qadam qo‘yishini bilmasligini aytdi. Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu esa yordam kirishida davom etilishini, lekin urush «to‘liq g‘alaba» bilan tugashi kerakligini ta’kidladi. HAMAS rasmiysi Ali Baraka esa bu harakatlarni insonparvarlik emas, balki harbiy harakatlar deb baholadi.





