
Geosiyosiy mojaro bahosi yoki bir kun janjal bo‘lgan uyda qirq kun baraka qochishi
13.05.2025 | 08:2724992
Britaniyaning yetakchi Lloyd’s sug‘urta bozori tomonidan e’lon qilingan tahlilga ko‘ra, ehtimoliy geosiyosiy mojaro kelgusi besh yil ichida jahon iqtisodiyotiga 14,5 trln dollargacha zarar yetkazishi mumkin. Bu ssenariyda xalqaro savdo yo‘nalishlari va ta’minot zanjirlarining keng ko‘lamli buzilishi asosiy xavf sifatida ko‘rsatilgan.

Hozirgi kunda dunyo bo‘ylab import va eksportning 80 foizdan ortig‘i, taxminan, 11 mlrd tonna tovar, dengiz orqali tashiladi. Shu sababli, asosiy savdo yo‘llarining yopilishi iqtisodiy barqarorlik uchun jiddiy tahdid hisoblanadi. Masalan, Yevropa, avtomobil va elektronika sanoati uchun zarur bo‘lgan yarimo‘tkazgichlar kabi sanoat mahsulotlariga qattiq bog‘liqligi tufayli, 3,4 trln dollargacha iqtisodiy yo‘qotishga uchrashi mumkin.
Lloyd’s tahlilida bunday mojaro infratuzilmaning jiddiy zararlanishi, sanksiyalarning joriy etilishi va dengiz yo‘llarining buzilishi orqali global savdo tarmoqlarining qayta shakllanishiga olib kelishi ta’kidlangan. Bu holat, ayniqsa, xalqaro savdoga qattiq bog‘liq bo‘lgan bizneslar uchun katta xavf tug‘diradi.
Lloyd’s kompaniyalar uchun siyosiy xavf sug‘urtasi, shartnoma buzilishi va biznesning uzilishidan kelib chiqadigan zararlarni qoplashga qaratilgan sug‘urta turlarini tavsiya qilmoqda. Bu kabi chora-tadbirlar bizneslarni geosiyosiy notinchliklardan himoya qilishda muhimdir.
 





