add

German Gref: Rossiyaga millionlab migrantlar zarur

24.10.2025 | 08:177112

Sberbank raisi German Grefning hisob-kitoblariga ko‘ra, yaqin yillarda Rossiyada ishchi kuchi tanqisligi 2,8 milliondan 5 milliongacha yetishi mumkin.

German Gref: Rossiyaga millionlab migrantlar zarur

Sberbank rahbari German Gref Rossiya iqtisodiyotining yiliga kamida 3 foiz o‘sish sur’atiga erishishi uchun malakali muhojirlar oqimi zarurligini ta’kidladi. Uning fikricha, busiz mamlakat oldidagi ijtimoiy va iqtisodiy vazifalarni hal qila olmaydi.

Gref yuqori o‘sish sur’atlari faqat mehnat unumdorligini oshirish va ishchi kuchini kengaytirish orqali erishish mumkinligini uqtirdi.

«So‘nggi paytlarda inflyatsiyaga qarshi kurashga shunchalik berilib ketdikki, iqtisodiy o‘sishni biroz unutib qo‘ydik. Iqtisodiy o‘sish bo‘lmasa, hech narsa bo‘lmaydi. Na ijtimoiy muammolarni, na boshqa masalalarni hal qila olamiz», - dedi u Rossiya prezidenti huzuridagi demografik va oilaviy siyosat bo‘yicha kengash yig‘ilishida.

Sberbank rahbari Rossiya iqtisodiyoti 2030 yilgacha o‘rtacha jahon ko‘rsatkichidan past bo‘lmagan — yiliga kamida 3,2 foiz o‘sishi lozimligini ta’kidladi. Biroq, hozirgi ko‘rsatkichlar maqsaddan ancha uzoq ekanini aytdi.

U o‘z prognozlari rasmiy baholarga qaraganda pessimistikroq ekanini ta’kidladi. Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligi sentyabr oyida 2025-2026 yillarda yalpi ichki mahsulot o‘sishi prognozini oldingi ikki yildagi 4,3 va 4,1 foizdan mos ravishda 1,0 va 1,3 foizgacha pasaytirgan.

Gref so‘nggi o‘n yilliklarda Rossiyada mehnat unumdorligi yiliga o‘rtacha 1,2 foizga oshganini eslatdi. Prezident bu ko‘rsatkichni 2,5 barobar oshirib, 2,7 foizga yetkazish vazifasini qo‘ygan edi.

«Bu ta’lim va ilm-fanga katta sarmoya va jiddiy hissa talab qiladi. Kapital tanqisligi va yuqori foiz stavkalari sharoitida buni amalga oshirish qiyin bo‘ladi. Demografik tendensiyalar ham iqtisodiyotning o‘sishiga to‘sqinlik qilmoqda. Ichki resurslar salohiyati allaqachon deyarli tugagan», - dedi Gref.

Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, yaqin yillarda Rossiyada ishchi kuchi tanqisligi 2,8 milliondan 5 milliongacha yetishi mumkin. Bu bo‘shliqni to‘ldirishning yagona yo‘li - migrantlarni faol jalb qilish ekanini ta’kidladi.

«Biz migrantlar soni bo‘yicha dunyodagi o‘nta donorlar qatoriga kiramiz, ammo bizda hozircha salbiy tanlov davom etmoqda. Biz asosan past malakali ishchi kuchini jalb qilamiz va yuqori malakali kadrlarni yo‘qotamiz. Bizning butun migratsiya siyosatimiz mutaxassislarni jalb qilishga qaratilmagan, migratsiya qonunchiligi esa xorijlik talabalarni mamlakatdan siqib chiqarmoqda», - dedi u.

Gref hukumatni migratsiya siyosatiga yondashuvni o‘zgartirishga va xorijlik talabalar o‘qishni tugatgandan keyin Rossiyada qolishlari uchun rag‘bat yaratishga chaqirdi.

Teglar

Mavzuga oid

German Gref: Rossiyaga millionlab migrantlar zarur | Vaqt.uz