
GM elektromobil ishlab chiqarishni qisqartirmoqchi
AQSHda talab pasayishi va yangi siyosatlar fonida kompaniya elektromobil ishlab chiqarish hajmini qayta ko‘rib chiqmoqda.

«General Motors» elektromobillar bilan bog‘liq ayrim investitsiyalarini bekor qilib, 6 mlrd dollarlik hisobdan chiqarish kiritishini ma’lum qildi. «Reuters»ga ko‘ra, qaror AQSHda elektromobillarga talab susayishi hamda prezident Donald Tramp ma’muriyatining soliq va budjet siyosati ortidan bozor istiqbollari noaniqligi bilan bog‘liq.
Kompaniya regulyatorga taqdim etgan hujjatda yozilishicha, ushbu xarajatlar rejalashtirilgan elektromobil ishlab chiqarish hajmlarining qisqartirilishi va ta’minot zanjirida yuzaga kelgan oqibatlardan kelib chiqqan. Bu qaror raqobatchi «Ford Motor» tomonidan bir necha hafta avval e’lon qilingan, yanada yirik elektromobil qisqartirishidan so‘ng qabul qilindi.
6 mlrd dollarlik qisqartirishning asosiy qismi — 4,2 mlrd dollari naqd xarajat hisoblanadi. U ta’minotchilar bilan tuzilgan shartnomalarni bekor qilish va kelishuvlarni yakunlashga to‘g‘ri keladi. Ta’minotchilar bozorda elektromobil talab yuqori bo‘ladi, deb hisoblab, katta quvvatlarga tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lgan.
Shu bilan birga, GM ushbu qaror AQSHdagi taxminan o‘n ikki modeldan iborat elektromobillar qatorini qisqartirishga olib kelmasligini bildirdi. Kompaniya bu modellarni iste’molchilar uchun mavjud holda saqlab qolishini ta’kidladi. Bu qaror to‘rtinchi chorak moliyaviy hisobotida alohida modda sifatida qayd etiladi.
2026 yilda ta’minotchilar bilan muzokaralar natijasida qo‘shimcha xarajatlar chiqishi mumkin, biroq ular 2025 yildagi elektromobil bilan bog‘liq qisqartirishlardan kamroq bo‘lishi kutilmoqda. Bu xabardan so‘ng GM aksiyalari qo‘shimcha savdolarda 2 foizga pasaydi, asosiy sessiya esa 3,9 foiz o‘sish bilan 85,13 dollarda yakunlandi.
Ma’lumot uchun, GM elektromobillarga eng katta stavka qo‘ygan avtokonsernlardan biri hisoblanadi. Kompaniya bosh direktori Meri Barra mijozlar talabi asosiy mezon bo‘lib qolishini bildirgan. 2024 yil oxirida arzonroq modellar hisobiga elektromobil sotuvlari ortib, GM AQSHda Tesla’dan keyin ikkinchi o‘ringa chiqqan edi.





