
Gunvor AQSH bosimi ortidan «Lukoyl» aktivlarini sotib olishdan voz kechdi
Xalqaro neft treyderi Gunvor Group Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasiga tegishli xorijiy aktivlarni sotib olish rejasidan voz kechdi. Bu qaror AQSH Moliya vazirligi kompaniyani «Kreml qo‘g‘irchog‘i» deb ataganidan so‘ng qabul qilindi.
Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan Gunvor 6 noyabr kuni o‘zining rasmiy bayonotida «Lukoyl»ning xorijiy biznesini sotib olish bo‘yicha taklifni qaytarib olganini ma’lum qildi. Bu xabar AQSH Moliya vazirligi kompaniyaga Ukrainadagi urush tugamaguncha litsenziya bermasligini bildirganidan bir soat o‘tib tarqaldi.
AQSH Moliya vazirligi o‘z bayonotida «Prezident Tramp urush darhol to‘xtatilishi kerakligini aytdi. Putin qotilliklarni davom ettirar ekan, «Kreml qo‘g‘irchog‘i» Gunvor hech qachon litsenziya olmaydi», — degan.
Gunvor bu ayblovlarni «asossiz va dezinformatsiya» deb atagan. Kompaniyaning ta’kidlashicha, u o‘n yildan ortiq vaqtdan beri Rossiya bilan aloqalarni uzgan, sanksiyalarga muvofiq savdoni to‘xtatgan va Rossiyadagi barcha aktivlarini sotgan. Shuningdek, Gunvor Ukrainadagi urushni omma oldida qoralab kelganini ham eslatdi.
«Biz noto‘g‘ri tushunchani tuzatish imkoniyatidan mamnunmiz va «Lukoyl» aktivlarini sotib olish bo‘yicha taklifni rasman qaytarib olamiz», — deyiladi kompaniya bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, «Lukoyl» AQSH va Buyuk Britaniya sanksiyalari ostida bo‘lib, 30 oktabr kuni Gunvor bilan xorijiy biznesni sotish bo‘yicha kelishuv e’lon qilgan edi. Rossiya tomoni boshqa xaridorlar bilan muzokara qilmaslik majburiyatini ham olgan. Biroq ehtimoliy bitim sanksiyalarni aylanib o‘tish urinishi sifatida baholanib, g‘arb davlatlarida shubha uyg‘otgan.
Gunvor Group 2000 yilda rossiyalik biznesmen Gennadiy Timchenko va shved hamkori Torbern Tornkvist tomonidan tashkil etilgan. Kompaniya hozirda dunyodagi eng yirik energiya treyderlaridan biri hisoblanadi. Timchenko 2014 yilda sanksiyalar tahdidi sabab o‘z ulushining 44 foizini sherigiga sotgan edi.
«Lukoyl»ning asosiy aksiyadori Vagit Alekperov bo‘lib, uning boyligi Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, 28,7 milliard dollarga teng. U 2022 yilda Britaniya sanksiyalaridan so‘ng kompaniya prezidenti lavozimini tark etgan.
Ma’lumot uchun, 22 oktabr kuni AQSH Moliya vazirligining Tashqi aktivlar nazorati boshqarmasi (OFAC) Rossiyaga nisbatan yangi cheklovlar joriy etgan edi. Cheklovlar «Lukoyl», «Rosneft» va ularning 34 ta shu’ba kompaniyalarini ham qamrab olgan. Bir hafta oldin Buyuk Britaniya ham shu yo‘nalishdagi sanksiyalarni kuchaytirgan edi.





