
Gvatemalada 3 ming yillik mayya shahri xarobalari topildi
30.05.2025 | 21:0018762
Gvatemalaning shimolida 3000 yil avval mavjud bo‘lgan qadimiy mayya shahrining izlari aniqlandi. Xarobalar ichidagi piramidalar va haykallar bu hudud marosimlar o‘tkazishda markaziy ahamiyatga ega bo‘lganini ko‘rsatmoqda.

The Guardian nashri yozishicha, topilmalar Los Abuelos nomi bilan ma’lum bo‘lgan shaharga tegishli. U Gvatemalaning Peten viloyatida, Uashaktun milliy bog‘i yaqinida joylashgan bo‘lib, arxeologik jihatdan kam o‘rganilgan hudud hisoblanadi.
Shahar nomi «buvilar va bobolar» ma’nosini anglatadigan ikki odamga o‘xshash haykal topilganidan kelib chiqqan. Bu haykallar miloddan avvalgi 500–300 yillarga taalluqli bo‘lib, ajdodlarga sig‘inish marosimlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Tadqiqotchilarga ko‘ra, shahar taxminan 16 kvadrat kilometr maydonni egallagan. Arxeologlar bu yerda 33 metr balandlikdagi piramida, noyob kanallar tizimi, shuningdek, klassik davrdan oldingi rangtasvirli devorlarni ham aniqlagan.
Mayya sivilizatsiyasi miloddan avvalgi 2000 yillarda shakllanib, keyingi ming yillar davomida Meksika, Gvatemala, Beliz, Salvador va Gondurasda rivojlangan. Yangidan topilgan Los Abuelos shaharining qoldiqlari mayya madaniyatining ilk bosqichlari haqida yangi ma’lumotlar beradi.





