add

Hafta davomida o‘zbekistonliklarni yomg‘ir va qorli kunlar kutmoqda

Bugun 14:333242 daqiqa

15–20-dekabr kunlari respublika bo‘ylab havo o‘zgaruvchan bo‘ladi. Ayrim hududlarda yog‘ingarchilik va qor ko‘chishi xavfi saqlanib qoladi.

Hafta davomida o‘zbekistonliklarni yomg‘ir va qorli kunlar kutmoqda

O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, 15-dekabr kuni O‘zbekiston hududida havo o‘zgaruvchan bo‘ladi. Respublika bo‘yicha asosan yog‘ingarchilik kutilmaydi, ammo ertalab Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida, shuningdek kunning birinchi yarmida Farg‘ona vodiysida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘ishi, ayrim hududlarda esa u qorga aylanishi mumkin. Ayrim joylarga tuman tushishi ehtimoli bor.

15-dekabr kuni havo harorati respublika bo‘yicha 0...+5 daraja iliq, janubiy hududlarda esa +5...+10 daraja iliq atrofida bo‘ladi. G‘arbdan esuvchi shamol tezligi sekundiga 7–12 metrga yetadi. Toshkent shahrida esa ertalab yomg‘ir va qor ko‘rinishida yog‘ingarchilik bo‘lishi, kunduzi esa havo asosan quruq saqlanishi kutilmoqda.

16-dekabr kunidan boshlab respublika hududlarida havo o‘zgaruvchan tusda saqlanadi. Ayrim viloyatlarda kechqurun yomg‘ir yoki qor yog‘ishi mumkin, tuman tushishi ehtimoli ham bor. Harorat kunduzi +5...+13 daraja iliq, kechasi esa 0...-5 daraja sovuq atrofida bo‘ladi.

Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik davom etib, ayrim joylarda qor yog‘ishi kuchayishi mumkin. Xususan, Toshkent va Namangan viloyatlarining tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi saqlanib qolmoqda. Shu bois, aholidan ehtiyotkorlik choralariga qat’iy rioya qilish so‘ralmoqda.

17–20-dekabr kunlari O‘zbekiston hududida havo o‘zgaruvchan bo‘lib, bir qator viloyatlarda yog‘ingarchilik va haroratning pasayishi kuzatiladi. Ayrim hududlarda tuman tushishi hamda shamol tezligining oshishi ehtimoli saqlanib qolmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida asosan yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat 19-dekabr kuni Qoraqalpog‘istonning ayrim joylarida qor yog‘ishi mumkin. Bu hududlarda kechasi havo harorati -3...-10 daraja sovuq, kunduzi esa -2 daraja sovuqdan +3 daraja iliqqacha bo‘ladi. Shamol sharqiy yo‘nalishdan g‘arb tomonga o‘zgarib, sekundiga 7–12 metr tezlikda esadi.

Buxoro va Navoiy viloyatlarida 18-dekabr kuni ayrim joylarda yomg‘ir va qor ko‘rinishida yog‘ingarchilik kuzatilishi mumkin. 20-dekabr kuni esa ba’zi hududlarda qor yog‘ishi ehtimoli bor. Navoiy viloyatining shimoliy qismlarida sovuq kuchliroq bo‘lib, kechasi -10 darajagacha pasayishi mumkin.

Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarida 17-dekabr kuni yomg‘ir, 18-dekabr kuni yomg‘ir va qor, 19–20-dekabr kunlari esa ayrim joylarda qor yog‘ishi kutilmoqda. Harorat kunduzi 0...+7 daraja iliq atrofida bo‘lib, kechalari ayrim joylarda sovuq kuzatiladi.

Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida 17–18-dekabr kunlari yomg‘ir yog‘ishi, keyinchalik qorga aylanishi mumkin. 20-dekabr kuni ayrim hududlarda qor yog‘ishi kutilmoqda. Harorat asta-sekin pasayib, kunduzi 0...+5 daraja iliqqacha tushadi.

Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida ham 17–18-dekabr kunlari yomg‘ir, 19–20-dekabr kunlari esa qor yog‘ishi ehtimoli bor. Respublika tog‘ oldi va tog‘li hududlarida vaqti-vaqti bilan qor yog‘ishi davom etib, yo‘l harakatida ehtiyotkorlik talab etiladi.

Teglar

Mavzuga oid