
Haitida bandalar zo‘ravonligi sababli 1,3 mln kishi o‘z uyini tark etdi
11.06.2025 | 21:5527832
Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, Haitida qotillik va zo‘ravonliklar oqibatida deyarli 1,3 mln kishi o‘z uyini tashlab chiqib ketishga majbur bo‘ldi. Bu mamlakat tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich sifatida qayd etilmoqda.

2024 yil dekabridan buyon ichki qochqinlar soni 24 foizga ko‘paygan. Ularning katta qismi bolalar, ayollar va keksa fuqarolar bo‘lib, ko‘pincha biror jihoz yoki mol-mulksiz joyini tark etishga majbur bo‘lgan. Ular hozir xavfli va beqaror sharoitda yashamoqda.
BMT qoshidagi Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot rahbari Emi Poup bu vaziyat insonparvarlik inqiroziga aylanganini ta’kidlab, zudlik bilan xalqaro chora ko‘rish lozimligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu muammo yangi me’yorga aylanmasligi kerak.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilda Haitida qurolli bandalar hujumi oqibatida kamida 5600 kishi halok bo‘lgan. Mamlakatda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy muammolar keskinlashib bormoqda.
Ayni paytda poytaxt Port-o-Prens hududining 80 foizidan ko‘prog‘ini qurolli guruhlar nazorat qilmoqda. 11 milliondan ortiq aholiga ega mamlakatda millionlab odamlar ocharchilik xavfiga duch kelmoqda.





