add

Har chorakda hammaga 200 dollardan: Dunyoda ilk bor shartsiz daromad joriy etildi

Bugun 08:571942 daqiqa

Marshall orollari mamlakatning har bir fuqarosiga hech qanday shartlarsiz yilning har choragida 200 dollar miqdorida moliyaviy yordam beradigan bo‘ldi.

Har chorakda hammaga 200 dollardan: Dunyoda ilk bor shartsiz daromad joriy etildi

Marshall orollari mamlakat miqyosida shartsiz bazaviy daromad dasturini ishga tushirdi. Unga ko‘ra, mamlakatning har bir rezidenti yilning har choragida 200 AQSH dollari miqdorida yordam oladi. Bu haqda The Guardian nashri xabar bermoqda.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, orol davlat bunday tizimni joriy qilgan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi. Qayd etilishicha, to‘lovlar har bir rezidentga hech qanday shartlarsiz beriladi. Aholi pullarni milliy valyutada yoki AQSH dollariga bog‘langan steyblkoin (raqamli valuta) ko‘rinishida olishi mumkin. Mablag‘lar bank hisob raqamiga, chek orqali yoki raqamli hamyonga o‘tkazib beriladi.

«Biz, hukumat sifatida, hech kim e’tibordan chetda qolmasligini ta’minlamoqchimiz. Har chorakda kishi boshiga 200 dollar yoki yiliga 800 dollar sizni ishdan bo‘shashga majbur qilmaydi, balki ma’naviy qo‘llab-quvvatlash vazifasini o‘taydi», — dedi mamlakat moliya vaziri Devid Pol.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, shartsiz bazaviy daromad dasturi narxlar ko‘tarilishi va aholining mamlakatni tark etishi fonida ijtimoiy himoya chorasi sifatida ishlab chiqilgan. Loyiha AQSH bilan tuzilgan kelishuv doirasida tashkil etilgan maxsus fond hisobidan moliyalashtiriladi.

Ushbu hujjat, jumladan, AQSHning Marshall orollari hududida ko‘p yillar davomida o‘tkazgan yadroviy sinovlari uchun tovon puli to‘lashni ham nazarda tutadi. Fond hajmi 1,3 milliard AQSH dollaridan oshadi, shuningdek, Vashington 2027 yilgacha yana 500 million dollar investitsiya kiritishi kerak bo‘ladi.

Ilk to‘lovlar noyabr oyi oxirida amalga oshirildi. Dasturni amalga oshirishga ko‘maklashayotgan moliya menejeri Aneli Sarananing so‘zlariga ko‘ra, ko‘pchilik aholi olingan pullarni darhol asosiy ehtiyojlar — oziq-ovqat va birlamchi mahsulotlar sotib olishga sarflagan.

Teglar

Mavzuga oid