
Ho‘rmuz bo‘g‘ozida xavf yo‘qolgach, Yevropada gaz narxi 20 foizga pasaydi
28.06.2025 | 15:3026733
Yevropada gaz narxi o‘tgan haftada 2023 yil iyulidan beri eng katta pasayishni qayd etdi. Bu Yaqin Sharqdagi keskinlik kamayishi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi xavfi yo‘qolishi bilan bog‘liq.

Bozordagi fyuchers narxlari bir haftada deyarli 20 foizga arzonladi. Jumladan, Dutch TTF fyuchersi juma kuni yana 3,2 foizga tushib, haftani 32,93 yevro (1000 metr kub uchun 407 dollar) bilan yakunladi. Bu ko‘rsatkich bir hafta avvalgi 40,93 yevro/MWh sonidan ancha past.
Gaz narxi tushishi seshanba kuni neft narxlari pasayishi va Isroil bilan Eron o‘rtasida olovni to‘xtatish haqidagi bayonotdan so‘ng boshlandi. Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan jahon suyultirilgan gaz tranzitining 20 foizi o‘tadi va uning yopilish xavfi yo‘qolishi bozorni tinchlantirdi.
Yevropa gaz importining 10 foizga yaqini Qatardan, qolgani BAAdan keladi. Bo‘g‘oz yopilsa, bu yetkazib berishda katta uzilishlarga olib kelishi mumkin edi. Energetika iqtisodiyoti instituti ta’kidlashicha, global tranzit yo‘llaridagi har qanday muammo xarajatlarni oshiradi va yetkazib berish muddatini cho‘zadi.
Shu bilan birga, Xitoyda talab pastligi ham Yevropa bozorida narxlar tushishiga yordam bermoqda. Xitoy iqtisodiyoti sekinlashib, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tishni jadallashtirmoqda. Xitoy kompaniyalari AQSHdan STG xaridini to‘xtatgan va uzoq muddatli shartnomalar bo‘yicha Yevropa bozoriga gaz yo‘naltirmoqda.
Yevropa Ittifoqi gaz omborlari hozirda 57,6 foizga to‘ldirilgan — bu so‘nggi besh yildagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past. Biroq Bloomberg yozganidek, Yevropa bozorida odatdagidan ko‘proq STG kelmoqda va dekabr fyuchersi 35,84 yevro/MWh atrofida shakllandi.





