Ho‘rmuz inqirozi neft qazib olishni keskin pasaytirdi

Bugun 20:551 daqiqa

Yaqin Sharqdagi geosiyosiy keskinlik fonida neft qazib olish hajmi tushib ketdi, OPEK bozor tiklanishini yilning ikkinchi yarmida kutmoqda.

Ho‘rmuz inqirozi neft qazib olishni keskin pasaytirdi

Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashishi ortidan neft bozorida jiddiy o‘zgarishlar kuzatildi. Xususan, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi inqiroz neft qazib olish hajmining pasayishiga olib keldi.

OPEK ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida tashkilotga a’zo davlatlarning kunlik neft qazib olish hajmi 7,9 million barrelga qisqarib, 20,79 million barrelni tashkil etdi. Bu taxminan 27 foizlik pasayishni anglatadi.

Eksport zanjirlari izdan chiqdi

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu holatga asosiy sabab sifatida Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kema qatnovining deyarli to‘liq to‘xtab qolgani ko‘rsatilmoqda. Natijada neft eksport zanjirlari izdan chiqqan va yirik ishlab chiqaruvchilar qazib olish hajmini qisqartirishga majbur bo‘lgan.

Eng katta pasayish Iroq, Saudiya Arabistoni, Quvayt va BAAda qayd etildi. Shu bilan birga, Eron va boshqa ayrim davlatlarda ham qazib olish hajmi ma’lum darajada kamaygan.

OPEK tiklanishni kutmoqda

OPEK ushbu uzilishlar vaqtinchalik ekanini ta’kidlab, yilning ikkinchi yarmida neft bozorida talab tiklanishini kutmoqda. Tashkilot jahonda neftga bo‘lgan talab bo‘yicha prognozini o‘zgarishsiz qoldirgan.

Xususan, joriy yilda global neft talabi kuniga 1,4 million barrelga o‘sishi kutilmoqda. Ekspertlar fikricha, Yaqin Sharqdagi mojaro sabab ikkinchi chorakda kuzatilayotgan sustlik vaqtinchalik bo‘lib, yil oxiriga kelib iqtisodiy faollik tiklanishi hisobiga qoplanadi.

Teglar

Mavzuga oid