Husanovning «Manchester Siti»dagi yangi maoshi ma’lum qilindi
Futbolchi kafolatlangan maoshidan tashqari bonuslar orqali haftasiga yana 33,6 ming dollar, yiliga 1,75 million dollar qo‘shimcha ishlab topishi mumkin.
© MancityO‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov Angliyaning «Manchester Siti» klubi bilan yangi shartnoma imzolach, yillik maoshi 5,2 million funt sterling (salkam 7 million dollar) bo‘ldi. Bu haqda «Capology» portali ma’lumotlarida keltirilgan.
Unga ko‘ra, Husanov haftasiga 100 ming funt sterling (salkam 135 ming dollar) oladi. Besh yilga mo‘ljallangan shartnoma bo‘yicha futbolchining kafolatlangan jami daromadi 26 million funtga (35 million dollar) teng.
Shuningdek, kelishuvda sport natijalariga qarab beriladigan qo‘shimcha bonuslar ham belgilangan. Ushbu bonuslar orqali futbolchi haftasiga yana 25 ming funt (33,6 ming dollar), yiliga 1,3 million funt (1,75 million dollar) qo‘shimcha daromad olishi mumkin. Barcha bonuslar qo‘shib hisoblanganda, himoyachining eng yuqori yillik maoshi 6,5 million funtgacha (8,75 million dollar) yetadi.
Ma’lumot uchun, Husanov 2025-yilning yanvar oyida Fransiyaning «Lans» klubidan «Manchester Siti»ga o‘tgan. Angliya klubidagi dastlabki 1,5 yil ichida o‘zbekistonlik futbolchi 47 ta o‘yinda ishtirok etgan va jamoa asosiy tarkibida mustahkam o‘rin egallagan.
2025/2026-yilgi mavsumda himoyachi «Manchester Siti»ning Premer-ligadagi so‘nggi 19 ta o‘yinidan 16 tasida ishtirok etgan. Shuningdek, u Angliya Kubogi va Angliya Liga Kubogi finallarida g‘olib chiqqan jamoa tarkibida maydonga tushgan. Mavsum yakuniga ko‘ra, u klubning eng yaxshi futbolchisi sovriniga da’vogar bo‘lgan uch nafar nomzod qatoriga kirgan. Uning yangi besh yillik shartnomasi 2031-yil yozigacha amal qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Manchester Siti» himoyachisi Abduqodir Husanovning narxi 15 million yevroga oshib, Osiyoning eng qimmat futbolchisiga aylangandi.




