add

IELTS imtihoni qog‘ozda topshirilishi vaqtincha to‘xtatildi

08.07.2025 | 17:3049533

Qog‘ozda topshirilgan test javoblari internetga sizib ketgani sababli, O‘zbekistonda 11 iyuldan boshlab IELTS imtihoni faqat kompyuterda o‘tkaziladi.

IELTS imtihoni qog‘ozda topshirilishi vaqtincha to‘xtatildi
IDP tashkiloti 8 iyul kuni qog‘ozda imtihon topshirish uchun ro‘yxat vaqtincha yopilganini ma’lum qildi. Bu qarorga test javoblari internetga tarqalishi bilan bog‘liq holda «operatsion sabablar» asos qilib ko‘rsatildi. Shu sababli, O‘zbekistonda qog‘ozda imtihon o‘tkazish amaliyoti taqdiri noma’lumligicha qolmoqda. Qog‘oz shaklida ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarga ikki xil tanlov taklif qilingan: imtihonni kompyuter turiga ko‘chirish yoki to‘liq to‘lovni qaytarib olish. IDP orqali ro‘yxatdan o‘tganlar Telegram orqali maxsus botlar yordamida murojaat qilishi mumkin. Pasport yoki ID karta fotosuratini taqdim etish talab etiladi. British Council orqali ro‘yxatdan o‘tganlar esa o‘z qarorini 31 iyulgacha elektron pochta orqali yetkazishi kerak. Hozirda IDP 4 ta, British Council esa 12 ta shaharda kompyuterda IELTS imtihonini o‘tkazmoqda. Kompyuterda imtihon formati o‘zgarmagan. «Speaking» qismidan tashqari barcha bo‘limlar kompyuterda yechilsa-da, savollar turi va vaqt bir xil qoladi. Shuningdek, natijalar ham ancha tez — 1-5 ish kuni ichida chiqadi. Qog‘ozda esa natijalar 13 kunda tayyor bo‘lardi.

Teglar

Mavzuga oid

IELTS imtihoni qog‘ozda topshirilishi vaqtincha to‘xtatildi | Vaqt.uz