
Ijtimoiy nafaqalarni qarzga avtomatik yechish noqonuniy — Markaziy bank
01.07.2025 | 14:0036453
Markaziy bank ayrim kredit tashkilotlari ijtimoiy nafaqalarni fuqarolar roziligisiz qarz to‘loviga avtomatik yechib olish amaliyotini qonunbuzarlik va insofsizlik deb baholadi.
Markaziy bank so‘nggi paytlarda ba’zi kredit tashkilotlari tomonidan fuqarolarning ijtimoiy nafaqalari hisobidan qarz to‘lovlari avtomatik usulda yechib olinayotgan holatlarni aniqladi. Bu holat bolalar puli, nogironlik nafaqasi va vaqtincha mehnatga layoqatsizlik puli kabi davlat yordam puliga ham taalluqli ekani ma’lum qilindi.
Regulyator bu amaliyot fuqarolarning roziligisiz amalga oshirilayotganini keskin tanqid qildi. Bunday holat fuqarolarning huquqlarini buzish, adolat prinsiplariga zid va insofsiz amaliyot sifatida baholandi.
Markaziy bank barcha bank va mikromoliya tashkilotlarini o‘z ichki tartiblarini qayta ko‘rib chiqishga, ijtimoiy nafaqalarni avtomatik qarzga yo‘naltirishni cheklashga va aholi shikoyat qilgan hollarda mablag‘ni qaytarish choralarini ko‘rishga chaqirdi.
Ta’kidlanishicha, fuqarolarning ijtimoiy nafaqalari qonun bilan himoyalangan va ulardan faqat egalari roziligi bilan qarz to‘loviga yo‘naltirish mumkin.
Markaziy bank ushbu amaliyotni moliya bozorida adolatli muhitni ta’minlash va aholi manfaatlarini himoya qilish maqsadida ta’qiqlamoqda. Kredit tashkilotlari bu talablarga rioya etishi shartligi qayta eslatib o‘tildi.





