
Ilon Mask «SpaceX» va «xAI»ni birlashtirmoqchi: yangi gigant 1 trln dollarga baholanmoqda
Ilon Mask o‘zining eng yirik aktivlarini birlashtirish orqali sun’iy intellekt xarajatlarini moliyalashtirishning yangi modelini yaratishga harakat qilmoqda.

Ilon Mask «SpaceX» aerokosmik kompaniyasi va «xAI» sun’iy intellekt startapini birlashtirish bo‘yicha muzokaralarni yakunlovchi bosqichga keldi. «Bloomberg» manbalariga ko‘ra, bitim yaqin kunlarda rasman e’lon qilinishi mumkin. Ayrim investorlar allaqachon ushbu rejalardan xabardor qilingan, biroq muzokaralar hali to‘liq yakunlanmagan.
Hozirgi baholarga ko‘ra, «SpaceX» qiymati taxminan 800 mlrd dollarni tashkil etadi, IPO bo‘lgan taqdirda esa 1,5 trln dollargacha yetishi mumkin. «xAI» esa sentabrdagi investitsiya raundidan keyin 200 mlrd dollarga baholangan. Birlashuv amalga oshsa, yangi tuzilmaning umumiy qiymati 1 trln dollar atrofida shakllanishi kutilmoqda.
«Bloomberg»ning qayd etishicha, asosiy maqsad — sun’iy intellekt (SI) sohasidagi ulkan kapital talabini yagona moliyaviy baza orqali qoplash.
SI xarajatlari bosimi
«xAI» uchun asosiy muammo — hisoblash quvvatlari va modellarni o‘qitishga ketadigan xarajatlar. Manbalarga ko‘ra, kompaniya oyiga taxminan 1 mlrd dollar sarflamoqda. Bunday sur’atda mablag‘ «yoqish» hatto yirik venchur investorlar uchun ham jiddiy bosim hisoblanadi.
Shu sharoitda Mask aktivlar o‘rtasidagi korporativ chegaralarni yumshatib, «xAI»ni barqaror pul oqimiga ega «SpaceX» bilan bog‘lashni ma’qul ko‘rmoqda. «SpaceX» Starlink xizmatlari va davlat shartnomalari orqali barqaror daromad manbaiga ega bo‘lib, SI yo‘nalishini uzoq muddatli moliyalashtirish imkonini beradi.
Bu yondashuv «xAI»ni navbatdagi investitsiya raundlariga to‘liq qaram bo‘lishdan chiqarib, ichki resurslar hisobiga rivojlantirishni ko‘zda tutadi.
Orbital data-markazlar g‘oyasi
Birlashuv ortida texnologik strategiya ham bor. Mask sun’iy intellekt hisoblashlarini kosmik infratuzilmaga ko‘chirish g‘oyasini ilgari surmoqda. Yaqinda «SpaceX» tomonidan taqdim etilgan arizada bir milliongacha sputnik uchirish rejasi tilga olingan.
Bu reja orbitaga joylashtirilgan data-markazlar yaratishni nazarda tutadi. Kosmosda deyarli cheklanmagan quyosh energiyasi va tabiiy sovitish muhiti mavjud. Bu yerda serverlarni sovitish uchun katta suv va elektr sarfi talab etilmaydi. Shu bilan birga, «Starlink» tarmog‘i orqali ma’lumotni uzatishda kechikish kamayadi.
Boshqaruv masalasida «SpaceX» prezidenti Gvinn Shotvell va moliyaviy direktor Entoni Armstrong yangi tuzilmada muhim rol o‘ynashi kutilmoqda.





