
Ispaniyada 16 yoshga to‘lmagan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar cheklanmoqda
Ispaniya hukumati bolalarni zararli raqamli muhitdan himoya qilish uchun yoshni tekshirish va kontent nazoratini kuchaytirishni rejalashtirmoqda.

Ispaniya 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashni rejalashtirmoqda. Yangi qoidalarga ko‘ra, platformalar foydalanuvchilar yoshini qat’iy tekshiradigan samarali mexanizmlarni joriy etishi shart bo‘ladi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Ushbu tashabbus orqali mamlakat raqamli platformalarning bolalar ruhiyati va xavfsizligiga salbiy ta’sirini cheklashga intilmoqda. Ispaniya shu yo‘sinda Avstraliya, Fransiya va Daniya kabi davlatlar qatoridan o‘rin olmoqda. Bu mamlakatlarda ham bolalarni onlayn muhitda himoya qilishga qaratilgan qat’iy qoidalar amal qilmoqda.
Yoshni tekshirish tizimlari real to‘siq bo‘lishi kerak
Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanchesning ta’kidlashicha, yoshni tekshirish tizimlari formal talab emas, balki real ishlaydigan to‘siq bo‘lishi kerak.
«Farzandlarimiz hech qachon yolg‘iz holda kirib borishi ko‘zda tutilmagan makonda qolmoqda. Bu — qaramlik, zo‘ravonlik, pornografiya, manipulyatsiya va zo‘rlik hukmron bo‘lgan makon. Biz bunga endi ko‘z yumib turolmaymiz, ularni raqamli yovvoyi G‘arbdan himoya qilamiz», dedi Pedro Sanches.
Sanches bu haqda Jahon hukumatlari sammitidagi chiqishida ma’lum qildi. Uning aytishicha, Ispaniya hukumati noqonuniy yoki nafratli kontentni o‘z vaqtida olib tashlamagan ijtimoiy tarmoq rahbarlarini jinoiy javobgarlikka tortishni ko‘zda tutuvchi yangi qonunlarni ishlab chiqadi.
Yangi qoidalar, shuningdek, algoritmlar orqali noqonuniy kontent tarqalishini kuchaytirgan shaxslar va platformalarga nisbatan sanksiyalar qo‘llashni ham nazarda tutadi. Hukumat bunday manipulyatsiyani alohida jinoyat sifatida belgilash niyatida.
Qonunchilik jarayoni kelasi haftadan boshlanadi. Takliflar orasida «nafrat va qutblanish izi» tizimini joriy etish ham bor bo‘lib, u raqamli platformalar jamiyatdagi bo‘linmalarni qanday kuchaytirayotganini tahlil qilishga xizmat qiladi.
Ushbu tashabbus ilgari surilgan mamlakatlar
So‘nggi yillarda ushbu masala global darajada ham dolzarblashdi. Dastlab Fransiya hukumati bolalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida 15 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashni rejalashtirgan.
Avstraliyada esa16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqlangan va avstraliyalik bolalar hayotida kutilmagan o‘zgarishlar kuzatilgan.
Shuningdek, Buyuk Britaniya hukumati ham bolalarni internetda yaxshiroq himoya qilish maqsadida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklash bo‘yicha yangi chora-tadbirlarni ko‘rib chiqmoqda.
Qozog‘iston Respublikasi hukumati voyaga yetmaganlarning internetdan foydalanish xavfsizligini ta’minlash maqsadida ijtimoiy tarmoqlarga kirishni cheklash bo‘yicha yangi qonun loyihasini ishlab chiqdi.
Mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari — madaniyat va axborot vaziri Aida Balayevaning ma’lum qilishicha, yangi tartibga ko‘ra, 16 yoshga to‘lmagan bolalarning onlayn platformalarda ro‘yxatdan o‘tishi taqiqlanishi ko‘zda tutilmoqda.





