add

Isroil Eronga qarshi uch maqsadni belgiladi: Xomanaiy hali asosiy nishon emas

22.06.2025 | 11:303493

Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saarga ko‘ra, yadroviy dastur, raketa salohiyati va harbiy qo‘mondonlikni yo‘q qilish — Eronga qarshi olib borilayotgan operatsiyaning asosiy maqsadlaridir. Rejimni o‘zgartirish hozircha rasmiy maqsadlar qatorida emas.

Isroil Eronga qarshi uch maqsadni belgiladi: Xomanaiy hali asosiy nishon emas
Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar Germaniyaning Bild nashriga bergan intervyusida Eronga qarshi urushning rasmiy maqsadlarini ochiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil hukumatining bu boradagi ustuvor yo‘nalishlari — Eronning yadroviy dasturi, raketa texnologiyalari va harbiy qo‘mondonlik tizimini yo‘q qilish hisoblanadi. Saar qayd etishicha, bu maqsadlar rasman e’lon qilingan va hozirdagi harbiy harakatlarning asosiy yo‘nalishini belgilab beradi. Shunga qaramay, u Eronning oliy rahbari — oyatulloh Ali Xomanaiyni yo‘q qilish rejada bor-yo‘qligi haqida izoh berishdan bosh tortdi. «Isroil o‘z harakatlari haqida oldindan bayonot bermaydi», — dedi u. Vazirning ta’kidlashicha, Isroil xavfsizlik kabineti hozircha Erondagi rejimni almashtirishni urush maqsadi sifatida belgilamagan. Ammo u bunday qarash kelgusida o‘zgarishi mumkinligini inkor etmadi. Saarga ko‘ra, Tehron bilan muzokaralar yo‘li tugagan, diplomatik sa’y-harakatlar natija bermagan. Bundan tashqari, Saar Isroil harakatlari xalqaro huquq normalariga zid degan tanqidlarni rad etdi. U Eronni uran boyitish dasturidan voz kechishga chaqirdi va Isroilning harakatlari o‘zini himoya qilish maqsadida amalga oshirilayotganini ta’kidladi. 17 iyun kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Xomanaiyning joylashuvi haqida AQSH harbiylari ma’lumotga ega ekanini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Xomanaiy «oson nishon» hisoblanadi, ammo Vashington hozircha uni yo‘q qilishni rejalashtirayotgani yo‘q.  

Teglar

Mavzuga oid

Isroil Eronga qarshi uch maqsadni belgiladi: Xomanaiy hali asosiy nishon emas | Vaqt.uz