
Isroil sobiq generali: «50 ming falastinlikning o‘limi zarur»
19.08.2025 | 13:0047644
Isroilning sobiq harbiy razvedka generali Axaron Xaliva maxfiy yozuvlarda G‘azoda minglab falastinliklar halokati «kelajak uchun zarur»ligini aytgani ochiqlandi.

Channel 12 telekanali e’lon qilgan audiyozuvlarda general har bir isroillik qurbon evaziga 50 falastinlik o‘lishi kerakligini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bola yoki katta bo‘lishidan qat’i nazar, G‘azoda allaqachon 50 ming kishi halok bo‘lgan va bu «avlodlar uchun muhim» hisoblanadi.
Xaliva arabchada «katta fojia» ma’nosini anglatuvchi «Nakba» atamasiga ishora qilib, falastinliklar doimo shunday fojialarni boshdan kechirishi lozimligini aytgan. Nakba 1948 yilda Isroil tashkil etilganida yuz bergan va o‘shanda 700 mingdan ortiq falastinlik o‘z uyidan quvib chiqarilgan edi.
Ma’lumot uchun, Xaliva 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS Isroilning janubiga hujum qilgan vaqtda razvedka boshlig‘i bo‘lgan. Ushbu hujumlarda 1200 kishi halok bo‘lgan, 250 nafar odam esa garavga olingan edi. Xaliva 2024 yil aprelida mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib, iste’foga chiqqan birinchi yuqori martabali ofitserga aylangan.
U o‘z bayonotida 7 oktyabrdagi fojia uchun faqat armiya emas, balki siyosiy rahbariyat va xavfsizlik xizmati (Shin Bet) ham mas’ul ekanini aytgan. Xaliva so‘zlari yuzasidan Channel 12 ga izoh berib, ular «yopiq forumda aytilgani» va «vaziyatni to‘liq aks ettirmasligini» ta’kidlagan.
HAMAS uning gaplarini qattiq qoralab, bu falastinliklarga qarshi jinoyatlar yuqori siyosiy va xavfsizlik qarorlari asosida amalga oshirilayotganini isbotlashini bildirdi.
Isroilning G‘azodagi urush harakatlari xalqaro bosimni kuchaytirmoqda. Yangi Zelandiya bosh vaziri Kristofer Lakson Benyamin Netanyaxuni «vaziyatni butunlay yo‘qotgan» deb atasa, Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen uni «alohida muammoga aylangan shaxs» sifatida baholadi.
BMT maxsus qo‘mitasi 2024 yil noyabrida Isroil harakatlarini «genotsid belgilarga mos» deb topgan. 2025 yil iyulda esa ikki isroillik huquq tashkiloti mamlakatni «genotsid sodir etishda» ayblagan. Isroil armiyasi bu da’volarni rad etib, harakatlarini xalqaro huquqqa muvofiq deb hisoblaydi.





