add

Jahon bankining Markaziy Osiyodagi yangi direktori ish boshladi

03.07.2025 | 18:4038713

Jahon banki Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi mintaqaviy direktori etib Naji Benxasin tayinlandi. U o‘z faoliyatini Toshkentdagi vakolatxonasida olib boradi va 5 ta mamlakatdagi loyihalarga rahbarlik qiladi.

Jahon bankining Markaziy Osiyodagi yangi direktori ish boshladi
Jahon banki Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi mintaqaviy direktori vazifasini Naji Benxasin rasman bajara boshladi. U o‘z faoliyatini O‘zbekiston poytaxti Toshkentdagi Jahon banki vakolatxonasidan amalga oshiradi. Benxasin Jahon bankining Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondagi loyihalarini nazorat qiladi. U bu lavozimda 2021 yildan 2025 yil iyunigacha faoliyat yuritgan Tatyana Proskuryakova o‘rnini egalladi. Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha dasturi hozirda 11 mlrd dollardan ortiq mablag‘ni qamrab olgan 85 ta amaldagi loyihani o‘z ichiga oladi. Ushbu loyihalar mintaqada iqtisodiy va ijtimoiy sohalarni modernizatsiya qilish, aholi farovonligini oshirish va barqaror rivojlanishga xizmat qiladi. Naji Benxasin ushbu mintaqadagi faoliyatga rahbarlik qilish uning uchun katta sharaf ekanini ta’kidladi. U Jahon banki va mintaqadagi davlatlar hamkorligini davom ettirish, bozor iqtisodiyotini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va ayniqsa ayollar hamda yoshlar uchun imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratishini bildirdi. Benxasin energetika, transport, savdo, suv resurslari yetishmovchiligi va chegaraviy ekologiya muammolarini hal qilish asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘lishini qayd etdi. U Jahon bankida 2001 yildan buyon faoliyat yuritib keladi va bu vaqt mobaynida Pokiston, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada rahbarlik lavozimlarida ishlagan. Naji Benxasin Jazoir fuqarosi bo‘lib, Shveysariya, Fransiya va AQSHning nufuzli ta’lim muassasalarida tahsil olgan va PhD ilmiy darajasiga ega.

Teglar

Mavzuga oid