
Japarov qirg‘iz milliy kriptovalyutasi haqida gapirdi
06.10.2025 | 13:0036262
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Binance kompaniyasining global marketing direktori Reychel Konlan bilan uchrashuvi davomida qirg‘iz milliy kriptovalyutasi haqida so‘z ochib, uning test rejimida ishlayotganini ochiqladi.

Muloqot davomida raqamli iqtisodiyot, blokcheyn texnologiyalari va virtual aktivlar haqida gaplashilgan. Suhbat chog‘ida qirg‘iz milliy valyuta somiga bog‘langan KGCT raqamli aktiviga alohida to‘xtalgan. Bu haqda «News.kg» nashri xabar berdi.
Shuningdek, prezident Japarov raqamli som (CBDC— davlat elektron valyutasi) ustida ish ketayotgani va u allaqachon test bosqichiga kirgani haqida ma’lum qildi.
Bunga javoban Reychel Konlan bu tashabbusning muhimligini qayd etib, Binance keng hamkorlik, foydalanuvchilar bazasi va sheriklik tarmog‘i orqali loyihani qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.
Xabarda qo‘shimcha qilinishicha, tomonlar hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish va xavfsiz raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelishib olishgan.
Unga ta’kidlanishicha, Binance asoschisi Chanpen Chjao ilgari Qirg‘izistonga tashrif buyurgan va bu tashrif xalqaro rezonansga sabab bo‘lgan.





