
Jazodan ozod qilingan shaxslarga bir martalik nafaqa tayinlash tartibi tasdiqlandi
17.07.2025 | 15:3036783
Endi jazoni ijro etish muassasalaridan chiqqandan so‘ng, fuqarolar elektron tartibda nafaqa olish uchun murojaat qilishi mumkin.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarga bir martalik nafaqa tayinlash va to‘lash tartibini belgilaydigan Nizomni tasdiqladi. Qarorda qayd etilishicha, mazkur nafaqa “E-probatsiya” axborot tizimi orqali tayinlanib, mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.
Nafaqa olish uchun murojaatlar tuman va shahar probatsiya bo‘linmalari tomonidan ko‘rib chiqiladi. Tayinlangan mablag‘lar tijorat banklari yoki boshqa ixtisoslashgan tashkilotlar orqali, fuqarolarga naqd pul yoki bank kartalari orqali yetkazib beriladi.
Moliyalashtirish jarayonida Ijtimoiy himoya milliy agentligi har oy to‘langan nafaqalar umumiy summasidan kam bo‘lmagan miqdorda mablag‘ni maxsus hisobvaraqqa o‘tkazadi. To‘lovlar “Yagona reyestr” axborot tizimi orqali qayd etiladi.
2025 yil 1 sentyabrgacha “E-probatsiya” tizimi “Yagona reyestr”ga integratsiya qilinadi. Bu nafaqa tayinlash va to‘lash jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish imkonini beradi.
Nizomga ko‘ra, nafaqa O‘zbekistondagi jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan O‘zbekiston fuqarolari, mamlakatda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga taalluqlidir.





