
Kobul 2030 yilga kelib ichimlik suvisiz qolishi mumkin
09.06.2025 | 12:0023903
Afg‘oniston poytaxti Kobul 2030 yilga borib ichimlik suvidan butunlay mahrum bo‘lishi mumkin. Bu haqda Mercy Corps tashkilotining hisobotiga asoslanib The Guardian nashri xabar berdi. Ekologik tahdid shahar va uning atrofidagi 7 million kishi uchun katta xavf solmoqda.

So‘nggi o‘n yilliklarda Kobulda yer osti suvlari sathi 30 metrgacha pasaydi. Bu jarayonga asosiy sabab sifatida shaharlashuv va iqlim o‘zgarishi ko‘rsatilmoqda. Mahalliy quduqlarning yarmi qurigan. Suv iste’moli esa tabiiy ravishda tiklanish sur’atidan ancha yuqori — har yili taxminan 44 million kub metr suv yetishmayapti.
Mercy Corps tashkilotining Afg‘onistondagi rahbari Den Karrining so‘zlariga ko‘ra, suv tanqisligi aholini ko‘chishga majbur etadi. Bu esa migratsiya bosimi va ijtimoiy muammolarni kuchaytiradi. Shu bois xalqaro hamjamiyatning yordami zarur ekani ta’kidlandi.
Suv tanqisligi bilan birga, uning sifati ham katta muammoga aylangan. Yer osti suvlarining taxminan 80 foizi kanalizatsiya chiqindilari, tuz va og‘ir metallar bilan ifloslangan. Kobulliklar toza suvni pulga sotib olishga majbur bo‘lmoqda, ba’zi oilalar esa daromadining uchdan birini shu ehtiyojga sarflaydi. Kommunal qarzlar esa ko‘plab xonadonlarda moliyaviy inqiroz keltirib chiqargan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Kobul shahri Kobul daryosi bo‘yida joylashgan bo‘lib, aholisi 4 milliondan ziyodni tashkil etadi. Shahar nomi ham aynan ushbu daryo nomi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan.





