
Koinotdagi «O‘lim buluti»: Rossiya Ilon Maskning imperiyasini yo‘q qilmoqchi
Rossiya Starlink sun’iy yo‘ldoshlariga qarshi «qo‘rquv quroli» ishlab chiqmoqda.

Rossiya amerikalik tadbirkor Ilon Maskka tegishli Starlink tizimlariga qarshi qaratilgan sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi qurol ishlab chiqayotgani taxmin qilinmoqda. Bu haqda Associated Press (AP) agentligi NATOning ikki davlatiga tegishli razvedka ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur qurolning ishlash prinsipi Starlink orbitalarida bir vaqtning o‘zida bir nechta sun’iy yo‘ldoshni ishdan chiqarishga qodir bo‘lgan, o‘lchami bir necha millimetrli yuz minglab yuqori zichlikdagi zarar yetkazuvchi elementlardan iborat «bulut» hosil qilishdan iborat. G‘arb razvedka xizmatlarining baholashicha, ushbu ishlanmadan maqsad — G‘arbning koinotdagi ustunligini, xususan, jang maydonida Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgan Starlink sun’iy yo‘ldoshlari faoliyatini cheklashdir.
Shu bilan birga, AP agentligi bu holatda «boshqa orbital tizimlar uchun halokatli zarar yetkazish» xavfi mavjudligini qayd etdi. Tahlilchilarga ko‘ra, bunday «bulut» nafaqat Amerika, balki Rossiya va Xitoyning o‘z sun’iy yo‘ldoshlarini ham yo‘q qilib yuborish xavfi bor.
Secure World Foundation tashkilotining koinot xavfsizligi bo‘yicha eksperti Viktoriya Samson agar Rossiya bunday loyihaga qo‘l urishga qaror qilgan bo‘lsa, bundan «juda ajablanishini» ta’kidlab, tadqiqotlar «sof eksperimental» xarakterga ega bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.
Kanada Qurolli Kuchlari koinot bo‘linmasi qo‘mondoni, brigada generali Kristofer Xorner AQSHning Rossiya koinotda ommaviy qirg‘in quroli ustida ishlayotgani haqidagi avvalgi ayblovlarini inobatga olgan holda, bunday ishlanmalarni «istisno qilib bo‘lmasligini» ta’kidladi. «Bunday turdagi tizim haqida hisobotlar olganman deb ayta olmayman. Biroq, bu haqiqatga zid bo‘lib ham ko‘rinmaydi», — deya qo‘shimcha qildi u.
Ekspertlarning fikricha, Moskva ushbu qurolni amalda qo‘llamasdan turib ham raqiblariga tahdid qilish uchun foydalanishi mumkin. Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi eksperti Kleyton Svoup buni tiyib turish uchun mo‘ljallangan «qo‘rquv quroli» deb tavsifladi. Shu bilan birga, tahlilchilar Rossiyaning o‘z koinot tizimlariga yetishi mumkin bo‘lgan zarar qurolni amalda qo‘llash yoki joylashtirishga to‘sqinlik qiluvchi asosiy omil bo‘lishini aytmoqda.
AP agentligi tanishgan materiallarda tizimni joylashtirish muddatlari ko‘rsatilmagan, shuningdek, sinovlar o‘tkazilgani yoki tadqiqotlar qaysi bosqichda ekanligi aytilmagan. Razvedka xulosalaridan xabardor rasmiy shaxsning so‘zlariga ko‘ra, tizim hozirda «faol ishlab chiqish bosqichida».
