«Ko‘mak» doirasida ajratiladigan foizsiz ssuda miqdori oshiriladi —Prezident

24.02.2026 | 14:232 daqiqa

«Ko‘mak» dasturi orqali chekka hududlarda o‘quv markazlari ochish uchun 300 mln so‘mgacha foizsiz ssuda va soliq imtiyozlari joriy etildi.

«Ko‘mak» doirasida ajratiladigan foizsiz ssuda miqdori oshiriladi —Prezident

«Ko‘mak» dasturi doirasida 130 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratilishi natijasida so‘nggi olti oyda olis va chekka hududlarda 120 dan ortiq xorijiy til o‘quv markazi faoliyat boshladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarga bag‘ishlangan muloqoti davomida ma’lum qilindi.

Qaysi sohalar uchun ajratiladi?

Dastur doirasida o‘z faoliyatini samarali yo‘lga qo‘ygan yoshlar uchun yanada keng imkoniyatlar ochilmoqda. Endi ular faoliyatini kengaytirish maqsadida 300 million so‘mgacha foizsiz ssuda olish imkoniga ega bo‘ladi. Bu mablag‘lar asosida ta’lim markazlari qoshida axborot texnologiyalari va zamonaviy kasblar markazlari, kutubxona hamda sport to‘garaklarini tashkil etish taklif etilmoqda.

Soliq yuki

Shu bilan birga, soliq yuki ham yengillashtirilmoqda. Olis hududlardagi o‘quv markazlari uchun ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilandi. Ushbu markazlarda faoliyat yurituvchi o‘qituvchilar daromad solig‘ini 7,5 foiz miqdorida to‘laydi. Hozirgi vaqtda esa ijtimoiy va daromad solig‘i 12 foizdan undirilmoqda.

Yoshlar ishlari agentligiga xususiy o‘quv markazlari bilan hamkorlikda har yili 20 ming nafar yoshni kelajak kasblariga o‘qitish dasturini ishga tushirish vazifasi yuklatildi. Shuningdek, har bir tumanga 500 million so‘mgacha ssuda ajratish orqali texnikum va o‘quv markazlarida zamonaviy kasb-hunar laboratoriyalarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Mazkur chora-tadbirlar chekka hududlarda ta’lim sifatini oshirish, yoshlarning bandligini ta’minlash va yangi tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Teglar

Mavzuga oid

«Ko‘mak» doirasida ajratiladigan foizsiz ssuda miqdori oshiriladi —Prezident | Vaqt.uz