add

Ko‘p kvartirali uylar atrofidagi daraxtlar xatlovdan o‘tkaziladi

Bugun 12:002 daqiqa

O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylar atrofidagi barcha daraxt va butalar raqamli xatlovga olinib, yagona tizimda nazorat qilinadi.

Ko‘p kvartirali uylar atrofidagi daraxtlar xatlovdan o‘tkaziladi

O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylarning tutash hududida joylashgan barcha daraxt va butalar uy boshqaruvchilari tomonidan majburiy xatlovdan o‘tkaziladi. Bu tartib prezidentning 5-fevralda qabul qilingan «Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida belgilandi.

Qarorga muvofiq, xatlov jarayonida har bir daraxt va buta haqidagi ma’lumotlar shakllantirilib, ular Mening uyim axborot billing tizimida doimiy ravishda yangilanib boriladi. Bu esa yashil hududlarning holati, saqlanishi va parvarishini markazlashgan tarzda nazorat qilish imkonini beradi.

Yangi tartib doirasida ko‘p kvartirali uylarda markazlashgan ichimlik suvi iste’molchilariga daraxt va butalarni sug‘orish ishlarini hisoblagichlar o‘rnatgan holda sutkaning istalgan vaqtida amalga oshirishga ruxsat berildi. Bu norma yashil maydonlarni saqlash bilan birga suv iste’molini aniq hisobga olishga qaratilgan.

Hujjatga ko‘ra, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda ko‘p kvartirali uylar hududidagi yashil hududlarning saqlanishi uchun mas’ul hisoblanadi.

Shuningdek, Yashil makon umummilliy loyihasi doirasida 2026–2027-yillarda ajratiladigan mablag‘larning kamida 10 foizi alohida dastur asosida ko‘p kvartirali uylar tutash hududlariga daraxt va butalar ekish hamda ularni sug‘orish infratuzilmasini yaratishga yo‘naltiriladi. Ushbu dastur 15-martga qadar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanishi belgilangan.

Teglar

Mavzuga oid

Ko‘p kvartirali uylar atrofidagi daraxtlar xatlovdan o‘tkaziladi | Vaqt.uz