
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarishda yangi tizim joriy etiladi
Prezidentga ko‘p kvartirali uylarni boshqarishda shaffoflikni oshirish, xizmat sifati va investitsiya jozibadorligini yaxshilashga qaratilgan yangi islohotlar taklif etildi.

2026 yil 14-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyevga ko‘p kvartirali uy-joy fondini boshqarish tizimini takomillashtirishga qaratilgan takliflar taqdim etildi. Taqdimotda sohadagi mavjud muammolar, xizmat sifati va shaffoflikni oshirish, shuningdek, investitsiyalarni jalb etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda mamlakatda 44 mingdan ortiq ko‘p kvartirali uy mavjud bo‘lib, ularda 7,1 million nafar aholi istiqomat qiladi. Uy-joy fondiga 900 dan ziyod boshqaruv servis kompaniyalari, 200 dan ortiq shirkatlar xizmat ko‘rsatmoqda, 856 ta uyda esa o‘zini o‘zi boshqarish tizimi joriy etilgan.
So‘nggi yillarda ko‘p qavatli uylar va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish, umumiy mulkni ta’mirlash va muhandislik kommunikatsiyalarini yangilash bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirildi. Shu bilan birga, xizmat sifati va boshqaruv samaradorligini yanada oshirish, qo‘shimcha servis turlarini joriy etish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, boshqaruv kompaniyalarining aksariyati faqat majburiy badallar hisobidan ishlamoqda. Ekspertlarning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, yirik shahar va viloyat markazlarida yashirin daromadlar rasmiy tushumlardan kamida ikki barobar yuqori. Bu holat sohada daromadli va shaffof yangi moliyaviy model ishlab chiqish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Shu munosabat bilan 2026–2030 yillarda ayrim shahar va tumanlarda ko‘p kvartirali uylarni boshqarishning klaster tizimini huquqiy eksperiment sifatida joriy etish taklif qilindi. Eksperiment doirasida uylar texnik holatiga qarab “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi, kamida 7 ming xonadonni qamrab olgan lotlar shakllantiriladi va besh yillik rivojlantirish dasturlari ishlab chiqiladi.
Boshqaruvchi tashkilotlarni tanlash mulkdorlar ovozi asosida amalga oshiriladi, moliyaviy va tashkiliy talablar kuchaytiriladi. Shuningdek, barcha badallar va qo‘shimcha daromadlar “Mening uyim” billing tizimi orqali hisobga olinadi. Davlat rahbari sohada raqamlashtirish va sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish, nazoratni kuchaytirish hamda investitsiya jozibadorligini oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.





