
Korzinka xaridorlari sentyabrda 7,5 mlrd so‘m keshbek oldi
Sentyabr oyida soliq mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazilgan xarid cheklari bo‘yicha ma’lumot berildi.

Soliq qo‘mitasi sentyabr oyida cheklari eng ko‘p ro‘yxatdan o‘tkazilgan korxonalar reytingini ma’lum qildi. Bunda Korzinka eng yuqori ko‘rsatkichni egalladi.
Unga ko‘ra, sentyabr oyida «Anglesey Food» mas’uliyati cheklangan jamiyati xorijiy korxonasi, ya’ni Korzinka supermarketlarining 5,2 mln dona cheki ro‘yxatdan o‘tkazilib, 7,5 mlrd so‘m keshbek berildi.
Shuningdek, keyingi o‘rinda «Havas Food» MCHJ QK (Havas) turibdi. Ushbu korxonaning 2,3 mln dona cheki ro‘yxatdan o‘tkazilib, xaridorlarga 1,1 mlrd so‘m keshbek berilgan.
Qo‘mita taqdim etgan ro‘yxatda uchinchi o‘rinni «Xalq Retail» MCHJ (Olma) egalladi. Korxonaning 1,3 mln dona cheki ro‘yxatdan o‘tkazilib, iste’molchilarga 581,1 mln so‘m keshbek berildi.
Ma’lumot uchun, 2025 yilning 1 oktyabr holatida onlayn nazorat-kassa texnikalaridan foydalanuvchi tadbirkorlik subektlari soni 196 865 tani tashkil etdi. Shuningdek, onlayn nazorat-kassa texnikalari orqali 968,9 milliondan ortiq chek rasmiylashtirilib, ular bo‘yicha aylanma 228,4 trln so‘mni tashkil qildi.
Avvalroq 9 oy mobaynida iste’molchilarga 247 mlrd so‘m keshbek berilgani haqida xabar bergan edik.





