
Kreml Odessa va Mikolayiv oblastlari Rossiyaga qo‘shilishdan manfaatdor deb iddao qildi
30.09.2025 | 20:2020563
Kreml Ukrainaning Odessa va Mikolayiv oblastlari aholisi Rossiya tarkibiga qo‘shilishni xohlamoqda, deb bayonot berdi. Ukraina hukumati esa bu da’volarni yirik shaharlarni bosib olishga qaratilgan targ‘ibot sifatida baholamoqda.

Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Odessa va Mikolayiv aholisi Rossiyaga qo‘shilishni istaydi, ammo bu haqda ochiq ovoz chiqarish «hayot uchun xavfli». U Rossiya armiyasi tomonidan ushbu shaharlardagi infratuzilmalar muntazam o‘qqa tutilgani haqida to‘xtalmadi.
Xerson oblastiga Moskva tomonidan tayinlagan rahbar Vladimir Saldo ham «agar referendum bo‘lsa, Odessa va Mikolayiv Rossiyaga qo‘shilishga rozi bo‘ladi» degan. Uning ta’kidlashicha, «bu shaharlarda doimo o‘zini Rossiyaning bir qismi deb his qiluvchilar yashab kelgan».
Rossiyaning Ukrainadagi yirik shaharlarga da’volari yangilik emas. Bu yil aprelda prezident maslahatchisi Nikolay Patrushev Odessani «Yekaterina II asos solgan va ikki asr davomida Rossiya shahari bo‘lib kelgan», deya ta’riflagan edi.
May oyida Davlat dumasi qo‘mita raisi Andrey Kartapolov «Ukraina Rossiya shartlari asosida tinchlikka rozi bo‘lmasa, Odessa, Mikolayiv, Zaporijjya va boshqa hududlardan ayriladi», deb bayonot bergan.
30 avgustda esa Rossiya Genshtabi rahbari Valeriy Gerasimovning ortidagi xaritada Odessa va Mikolayiv Rossiya tarkibida ko‘rsatilgani jurnalistlar tomonidan qayd etilgan. Bu hol Moskva ushbu shaharlarni bosib olish niyatlaridan voz kechmaganini ko‘rsatadi.





