
Kreml Ramzan Qodirovning o‘limiga tayyorgarlik ko‘ra boshladi
Kremlda Chechenistonda hokimiyat almashinuvi bilan bog‘liq ehtimoliy ssenariylar muhokama qilinmoqda, jarayon esa hozircha jamoatchilikdan qat’iy yashirilmoqda.

Kreml Ramzan Kadыrovning ehtimoliy vafoti ortidan Chechenistonda hokimiyat bo‘shlig‘i yuzaga kelishi xavfini hisobga olgan holda bir necha ssenariylar ustida ish olib bormoqda. «Vajniye istorii» nashri manbasiga ko‘ra, Kremlga yaqin doiralarda Chechenistondagi vaziyat «juda og‘ir» deya baholanmoqda. Bu holat R.Qodirovning og‘ir kasalligi haqidagi xabarlar hamda uning o‘g‘li, 18 yoshli Adam Qodirov ishtirokidagi so‘nggi avtohalokat fonida yanada keskinlashgan.
Manbalarga ko‘ra, respublikada sodir bo‘layotgan jarayonlar qat’iy nazorat ostida saqlanmoqda, axborot sizib chiqishi esa qattiq tahdidlar bilan cheklanmoqda. Kreml uchun asosiy xavf — hokimiyat tranziti paytida ichki barqarorlikning izdan chiqishi hisoblanadi.
Hozircha rasmiy izohlar berilmagan bo‘lsa-da, Moskvada Checheniston bo‘yicha turli ehtimoliy qarorlar tayyorlanayotgani ta’kidlanmoqda.
Ehtimoliy voris modellari
Manbalar ta’kidlashicha, variantlardan biri — vaqtinchalik «taxt ko‘riqchisi» tayinlash. Agar Ramzan Qodirov o‘g‘li Adam Qodirov 30 yoshga to‘lmasidan oldin vafot etsa, qonunga ko‘ra, u respublika rahbari bo‘la olmaydi. Bunday holatda, Kreml Qodirovlar oilasi manfaatlarini himoya qiladigan, barqarorlikni ta’minlaydigan shaxsga tayanishni rejalashtirmoqda.
Ikkinchi variant — Qodirovga mutlaqo sodiq shaxsni rahbar etib qo‘yish. Manbalarga ko‘ra, bu Benoy «teypi»ga mansub, hokimiyat tuzilmalarida ta’sirga ega shaxslardan biri bo‘lishi mumkin. Nomzodlar orasida Davlat dumasi deputati Adam Delimxanov hamda Checheniston hukumati rahbari Magomed Daudov tilga olinadi. Ayni paytda ushbu shaxslar o‘rtasida ta’sir uchun ichki raqobat kuchaygani aytilmoqda.
Moskva uchun ustuvorliklar
Mutaxassislarning fikricha, Qodirov vafoti holatida Chechenistonda keng ko‘lamli norozilik chiqishlari ehtimoli past, biroq elitalar o‘rtasida kurash xavfi saqlanib qoladi. Moskva uchun asosiy maqsad — hududdagi status-kvoni saqlash va qo‘shimcha resurslar sarflamaslik.
Siyosiy tahlilchilarning ta’kidlashicha, Kreml hozirgi sharoitda Chechenistonni emas, asosan tashqi yo‘nalishlar va urush bilan bog‘liq masalalarni ustuvor deb biladi. Shu sabab, hokimiyat tranzitida eng kam xatar keltiruvchi ssenariy tanlanishi ehtimoli yuqori.





