add

Kumush narxi keskin pastladi: bozor soviy boshladimi?

Bugun 08:582 daqiqa

AQSH prezidenti Donald Trampning boj siyosati bo‘yicha yumshoq bayonotidan so‘ng kumush bozorida tezkor korreksiya kuzatildi va rekordlar ortidan keskin pasayish yuz berdi.

Kumush narxi keskin pastladi: bozor soviy boshladimi?

Kumush narxi rekord darajalardan keyin qisqa vaqt ichida 7 foizdan ortiqqa tushdi. «Bloomberg» ma’lumotiga ko‘ra, pasayishga AQSH prezidenti Donald Trampning muhim xomashyo importiga yangi bojlar joriy etmaslikka qaror qilgani sabab bo‘ldi. Investorlar uchun bu qaror bozordagi xavf omillarini qisqartirib, qisqa muddatli foydani qayd etishga turtki berdi.

Oq uy tomonidan o‘tkazilgan ko‘p oylik tahlil yakunlariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati to‘g‘ridan to‘g‘ri tariflar o‘rniga import uchun minimal narx chegaralarini joriy etish imkonini ko‘rib chiqmoqda. Bu yondashuv strategik ta’minot zanjirlarini «ishonchli davlatlar» orqali rivojlantirishga qaratilgan. «Bloomberg»ning ta’kidlashicha, aynan boj joriy etilishi mumkinligi haqidagi xavotirlar o‘tgan yilda AQSH omborlarida kumush zaxiralarini ushlab turib, narxlarni sun’iy ravishda yuqori saqlab kelgan edi.

Qimmatbaho metallar segmentidagi umumiy kayfiyat oltinga ham ta’sir qildi. «Reuters» xabariga ko‘ra, oltin narxi qariyb 0,9 foizga pasaydi. Bunga investorlarning rekordlardan keyin foydani mustahkamlashi, shuningdek, Trampning Federal zaxira tizimi va Eron masalasida nisbatan sokin pozitsiya egallagani sabab bo‘ldi. Prezident FZT rahbari Jerom Pauellni ishdan olish rejasi yo‘qligini ham ochiq aytdi.

«TD Securities» strategi Deniyel Galiga ko‘ra, yangi hujjat Vashington kelgusida «ancha aniq va tanlab olingan qarorlar» qabul qilishini ko‘rsatadi. Uning fikricha, keng qamrovli tariflar qimmatbaho metallar savdosiga tasodifan zarba berishi mumkin edi, hozir esa bu xavf sezilarli darajada kamaydi.

Shu bilan birga, «Oversea-Chinese Banking Group» strategi Kristofer Vong kumush uchun o‘rta muddatli manzara ijobiyligicha qolishini ta’kidlaydi. Taklif tanqisligi, sanoatda, ayniqsa quyosh energetikasida iste’molning o‘sishi hamda oltindan talabning qisman kumushga ko‘chishi bu metalni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ammo u qisqa muddatda keskin tebranishlar ehtiyotkorlikni talab qilishini ham eslatib o‘tdi.

Teglar

Mavzuga oid