
Litva: Tojikistonlik migrantlar o‘zbeklarga nisbatan ko‘proq noqonuniy qolib ketmoqda
01.07.2025 | 09:3040702
Litva migratsiya departamenti Tojikistonda vaqtinchalik yashash ruxsatnomasini (VYR) olish uchun arizalarni qabul qiluvchi tashqi xizmat markazini yopishni rejalashtirmoqda.

Bu qaror muhojirlar soni keskin oshgani bilan bog‘liq. Bu haqda Sputnik Litva xabar bermoqda.
Departament rahbari Evelina Gudzinskayte ta’kidlashicha, Tojikiston fuqarolari VYR muddati tugaganidan so‘ng ko‘pincha Litvada noqonuniy qolib ketmoqda.
«Agar noqonuniy migratsiya statistikasini o‘rgansak, belgilangan muddatda chiqib ketmaydigan va mamlakatni tark etish to‘g‘risida ko‘rsatma berilishi kerak bo‘lgan Tojikiston fuqarolarining foizi, masalan, o‘zbeklarga qaraganda yuqori ekanligi ma’lum bo‘ladi», deydi Gudzinskayte.
2025 yil iyun oyidan boshlab Litvada 6250 nafar Tojikiston fuqarosi ro‘yxatga olingan va so‘nggi ikki yil ichida ushbu mamlakatdan kelgan muhojirlar soni deyarli besh baravarga oshgan.
Litva Davlat xavfsizlik departamentining sobiq rahbari Daryus Yaunishkis musulmon mamlakatlaridan kelayotgan migratsiya oqimlari radikallashuv xavfini keltirib chiqarishi mumkinligini aytib, hukumat vakillarini migratsiya siyosatini yanada sinchkovlik bilan qayta ko‘rib chiqishga va chet el fuqarolarini jamiyatga moslashtirishga faol ravishda e’tibor qaratishga chaqirdi.





