
Lvivda Ukraina parlamentining sobiq raisi Andriy Parubiy o‘ldirildi
30.08.2025 | 19:0713833
Yollanma qotil ovqat tashuvchi kuryer kiyimida bo‘lgan, u qurboniga 7 marta o‘q uzgach, voqea joyidan elektrovelosipedda qochgan.

Lviv shahrida Ukraina Oliy Radasining sobiq spikeri Andriy Parubiy otib o‘ldirildi. Uning o‘ldirilganini Ukraina ichki ishlar vaziri va Bosh prokurori tasdiqladi. Prezident Volodimir Zelenskiy ham Parubiyning o‘limi haqida bayonot berdi.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, otishma shaharning Sixov rayonida mahalliy vaqt bilan tush payti sodir bo‘lgan. Gumonlanuvchi hujumchi hali qo‘lga tushmagan: u kuryer formasida bo‘lgan va Parubiyga bir necha marta o‘q uzgan. Jinoyatdan so‘ng u elektrovelosipedda hodisa joyidan qochgan.
Andriy Parubiy 1971 yil 31 yanvar kuni Lviv viloyatining Chervonograd shahrida tug‘ilgan. U 2016–2019 yillarda Ukraina parlamenti — Oliy Rada raisi sifatida faoliyat yuritgan. 2014 yilda milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi vazifasida ishlagan.
Parubiy 2014 yilgi Yevromaydan paytida namoyishchilar lagerining komendanti va «Maydon o‘zini o‘zi himoya qilish» jamoat tashkiloti rahbari bo‘lgan. 1980-yillar oxirida Ukrainadagi milliy ozodlik harakatlarida qatnashgan va sovet tuzumiga qarshi chiqishlari uchun ikki marta qamoqqa olingan.
2007 yildan buyon Oliy Rada deputati bo‘lgan, parlamentning VIII va IX chaqiriqlarida faoliyat yuritgan. 2014–2016 yillarda parlament raisining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlagan. Yevrointegratsiya, NATO bilan hamkorlik va parlamentlararo aloqalar masalalarida faollik ko‘rsatgan.
Hozirda uni o‘ldirgan shaxsni qidirish ishlari davom etmoqda.





