
Majburiy umumiy ta’limga bir yillik maktabga tayyorlov dasturi kiritiladi
Maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlariga bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etishga ruxsat beriladi.
© Фото: xs.uzO‘zbekistonda bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining ta’lim dasturi majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida kiritiladi. Bu 5-fevral kuni qabul qilingan «Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmonida belgilangan.
Farmonga ko‘ra, maktabgacha ta’lim tizimida bolalarni tarbiyalash, rivojlantirish va ularga ta’lim berishni ijobiy munosabatlar orqali amalga oshirish maqsadida o‘yinga asoslangan ta’lim joriy etiladi.
Bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining ta’lim dasturlari maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari va boshqa ijtimoiy soha obyektlarida to‘liq yoki qisqa muddatli guruhlarda amalga oshiriladi. Maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlariga bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etishga ruxsat beriladi.
«Yangi avlod» maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i
Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yangi sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgan va Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazini o‘z ichiga olgan “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i tashkil etiladi.
Farmonga ko‘ra,
maktabga tayyorlov guruhlarida ta’lim jarayonlari oliy ma’lumotli pedagoglar, shuningdek, oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchi bosqich talabalari tomonidan olib boriladi;
maktabga tayyorlov guruhlarida ta’lim-tarbiya olgan bolalarga 1 yillik maktabga tayyorlovdan o‘tganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi elektron sertifikat beriladi hamda ushbu ma’lumotlar umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomada qayd etiladi.
“Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlari:
2026–2028 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida bittadan tashkil etiladi;
davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti sifatida faoliyat olib boradi hamda ilg‘or xorijiy tajribalar asosida o‘yinga asoslangan ta’lim va tarbiya jarayonlarini amalga oshiradi;
Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazlarida:
bolalarning yoshi va rivojlanish bosqichlariga mos ravishda ijod va san’at, fan va matematika, jismoniy faollik va sarguzasht, til va tasavvur hamda robototexnika va ilk algoritmlash yo‘nalishlarida tematik o‘yingohlar tashkil etiladi;
simulyatsion vaziyatlar orqali bolalarda kasblarga qiziqish uyg‘otish, ekologik madaniyatni shakllantirish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ta’lim-tarbiya jarayoni amalga oshiriladi.





