
Makron: Fransiya Ukrainaga qo‘shin yuborishga tayyor
14.05.2025 | 12:4022063
Emmanuel Makron Ukraina armiyasini mustahkamlashni Parijning ustuvor maqsadi deb atadi va Rossiya hujumi xavfini bartaraf etish uchun Fransiya qo‘shin yuborish imkoniyatini ma’lum qildi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 13 may kuni TF1 telekanalidagi chiqishida Fransiya Ukraina armiyasini mustahkamlashni davom ettirishini bildirdi. Unga ko‘ra, tinchlik kelishuvi tuzilgandan so‘ng Kiyev xavfsizligining birinchi kafolati aynan kuchli armiya bo‘ladi.
Makron Ukraina NATOga a’zo bo‘lmasligini ta’kidlar ekan, Fransiya va ittifoqchilar frontdan uzoq hududlarda tinchlikparvar kuchlarini joylashtirishni taklif etdi. Bu qadam Ukrainaga qat’iy hamdardlik belgisi va Rossiyani yangi hujumdan qaytarish vositasi sifatida ko‘rilayotganini aytdi.
Shu bilan birga, Fransiya rahbari G‘arb mamlakatlarini ehtiyotkorlikka chaqirib, Ukrainaga yordam ko‘rsatar ekan, «uchinchi jahon urushini keltirib chiqarish xavfidan saqlanish»ni muhim deb hisoblashini bildirdi.
Makron, shuningdek, Ukraina barcha bosib olingan hududlarni qaytarib olishi imkonsizligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Kiyev tinchlik muzokaralariga tayyorgarlik ko‘rishi kerak, va hududlar masalasi ana shunda hal etiladi.
Fransiya prezidenti urush tugagach, Rossiya aktivlarini faqat qonuniy asosda Ukrainaga o‘tkazish mumkinligini ta’kidladi. Hozircha esa buning huquqiy mexanizmlari mavjud emas.
Makron Moskva 30 kunlik otashkesimga rozi bo‘lmasa, Fransiya yaqin kunlarda yangi sanksiyalar joriy etishini ma’lum qildi. Bu «ikkilamchi sanksiyalar» asosan SWIFT tizimidan chiqarilmagan banklar va Rossiyaga moliyaviy xizmat ko‘rsatuvchi uchinchi davlat moliya muassasalariga qaratilgan bo‘ladi. Shuningdek, yirik Rossiya neft kompaniyalariga ham cheklovlar joriy etilishi kutilmoqda.





