add

Maktab direktorlari va o‘rinbosarlariga KPI asosida har oylik ustama to‘lanadi

27.10.2025 | 17:374572

Maktab direktorlari va ularning o‘rinbosarlariga faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari (KPI) asosida har oylik ustama to‘lash tartibi belgilandi. Baholash natijasiga ko‘ra ustama miqdori 3 foizdan 20 foizgacha yetishi mumkin.

Maktab direktorlari va o‘rinbosarlariga KPI asosida har oylik ustama to‘lanadi

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 21 oktyabrdagi 662-sonli qaroriga muvofiq, umumta’lim muassasalari rahbarlariga faoliyat samaradorligi bo‘yicha ko‘rsatkichlar (KPI) asosida har oylik ustama to‘lash tartibi belgilandi.

Qarorga ko‘ra, umumta’lim muassasasining rahbar xodimlariga (direktor va uning o‘rinbosarlari) va o‘z faoliyatini soatbay haq to‘lash asosida amalga oshiradigan o‘qituvchilarga «Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi Nizomning 20-bandiga muvofiq belgilangan har oylik ustamalar belgilanmaydi. Ammo xalqaro fan olimpiadalari — matematika, fizika, kimyo, biologiya va informatika bo‘yicha o‘quvchilari g‘oliblikka erishgan maktab direktorlari bundan mustasno bo‘ladi.

Baholash metodikasi va tartibi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Umumta’lim muassasalarining ichki baholash guruhi ko‘rsatkichlarni aniqlab, to‘plangan ballar asosida ustama miqdorini belgilaydi.

Qarorga ko‘ra, direktorlar uchun KPI bo‘yicha ustama quyidagicha belgilanadi:

– 61–70 ball — 3 foiz;

– 71–80 ball — 10 foiz;

– 81–90 ball — 15 foiz;

– 91–100 ball — 20 foiz.

Direktor o‘rinbosarlari uchun esa ustama miqdori:

– 61–70 ball — 2,5 foiz;

– 71–80 ball — 5 foiz;

– 81–90 ball — 7,5 foiz;

– 91–100 ball — 10 foiz etib belgilangan.

Ustamalar jamg‘armadagi mavjud mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi. Bunda rahbarlar kamida 9 oy davomida asosiy lavozimida faoliyat yuritgan bo‘lishi kerak. Shuningdek, viloyat, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahridagi tajribali direktorlar ishtirok etgan Direktorlar kengashlarida faoliyat ko‘rsatayotgan rahbarlarga qo‘shimcha ravishda 20 foizlik ustama to‘lanadi.

Yangi tartib ta’lim muassasalarini samaradorlik asosida baholash tizimini mustahkamlab, rahbarlarni natijaviy faoliyatga undashni maqsad qiladi.

Teglar

Mavzuga oid