
«Mall of Uzbekistan» savdo markazlari ishga tushiriladi
26.05.2025 | 12:0022602
O‘zbekistonda milliy mahsulotlarni keng targ‘ib qilish va aholiga yagona savdo maskanida taqdim etish maqsadida «Mall of Uzbekistan» deb nomlangan yirik savdo markazlari tashkil etiladi.

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi. Ta’kidlanishicha, mamlakatda 4 mingdan ziyod tayyor kiyim-kechak, poyabzal va charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat yuritmoqda. Biroq bu mahsulotlarni bir joyda taqdim etadigan savdo maskanlari hozircha mavjud emas.
Yangi markazlardagi do‘konlar tadbirkorlarga minimal ijara narxida taqdim etiladi. Shu orqali mahalliy brendlarning bozordagi ulushi oshishi, aholi tanlov imkoniyati kengayishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, ijtimoiy zaif qatlamlar manfaati ham e’tibordan chetda qolmagan. Ehtiyojmand oilalar a’zolari ishlaydigan korxonalar uchun soliq imtiyozlari belgilangan. Jumladan, to‘qimachilik va charm-poyabzal sohasidagi korxonalar uchun foyda solig‘i 2 foiz, ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilandi.
Endigidan bu imtiyozlarni olish uchun korxonada ishlovchi ehtiyojmandlarning ulushi 15 foiz emas, 7,5 foiz etib belgilanadi. Shuningdek, nogironligi bor xodimlar ham ushbu me’yorga qo‘shib hisoblanadi.





