add

Markaziy bank: aholi banklarga 15,2 mlrd dollarlik chet el valyutasini sotdi

25.10.2025 | 07:583772

O‘zbekiston ichki valyutalar bozorida 2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida ham talab, ham taklif o‘sdi. Aholi banklarga 15,2 mlrd dollarlik chet el valyutasini sotib, 8,5 mlrd dollar xarid qilgan.

Markaziy bank: aholi banklarga 15,2 mlrd dollarlik chet el valyutasini sotdi

Markaziy bankning ichki valyutalar bozori bo‘yicha hisobotiga ko‘ra, 2025 yilning to‘qqiz oyida mamlakatdagi umumiy talab 23,5 foizga o‘sib, 42,7 mlrd dollarga yetdi. Taklif esa 24 foizga oshib, 34,4 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu o‘sish asosan eksport tushumlari, xalqaro pul o‘tkazmalari va aholi sotuvlari hisobiga ta’minlandi.

Yuridik shaxslar tomonidan chet el valyutasiga bo‘lgan talab 24 foizga ko‘paygan bo‘lsa, ularning taklifi 37 foizga oshgan. Korxonalarning eksport tushumlari 13 mlrd dollarga yetgan, shundan 7,1 mlrd dollar ichki bozorda sotilgan — bu o‘tgan yilga nisbatan 22 foiz ko‘p. Shu bilan birga, banklar tashqi kreditlar hisobiga 6,3 mlrd dollarlik valyutani sotgan, bu 2024 yildagidan 1,6 barobar ko‘p.

Aholi 9 oy ichida tijorat banklariga 15,2 mlrd dollarlik valyutani sotib, 8,5 mlrd dollar xarid qilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan mos ravishda 30 foiz va 23 foiz o‘sishni ko‘rsatadi. Natijada aholi taklifi talabdan 6,7 mlrd dollarga ortiq bo‘ldi. Asosiy manba xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘lib, ularning hajmi 13,9 mlrd dollarni tashkil etdi (+24 foiz yillik o‘sish). Shu davrda mamlakatdan 1,9 mlrd dollarlik valyuta chiqarilgan — bu o‘tgan yilga nisbatan 127 mln dollarga kam.

Chet el valyutasi sotib olishning asosiy qismi (51 foizi) uskuna va xom ashyo importiga, 27 foiz tashqi kreditlarni qoplashga, 18 foiz iste’mol tovarlari va dori vositalariga yo‘naltirilgan.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, milliy valyuta kursining dinamikasi ichki bozordagi talab va taklif, tashqi bozorlar va makroiqtisodiy omillar ta’sirida shakllandi. Xitoy yuani 2,5 foizga, Rossiya rubli 27 foizga mustahkamlandi, Qozog‘iston tengesi esa 4,6 foizga pasaydi. Bu o‘zgarishlar O‘zbekistonning tashqi bozorda raqobatbardoshligini saqlab qolishga yordam berdi.

Inflyatsiya kutilmalari yil boshidagi 14–15 foizdan 12 foizga tushdi. Dollarlashuv darajasi pasaydi: chet el valyutasidagi kreditlar ulushi 41 foizdan 37 foizga, depozitlarniki esa 26 foizdan 23 foizga kamaydi.

Teglar

Mavzuga oid