
Markaziy bank inflyatsiya prognozini 8 foizgacha oshirdi
20.05.2025 | 12:2520622
O‘zbekiston Markaziy banki 2025 yil uchun inflyatsiya bo‘yicha kutilmalarini yuqori tomonga qayta ko‘rib chiqdi. Avval 6–7 foiz atrofida deb baholangan yillik inflyatsiya endilikda taxminan 8 foiz darajasida shakllanishi kutilmoqda.

Markaziy bank bu o‘zgarishni tashqi iqtisodiy noaniqliklar va ichki talabning o‘sishi bilan izohladi. Kreditlash hajmining oshishi, investitsion faollikning kuchayishi inflyatsiyaga qo‘shimcha bosimlar yuzaga keltirishi mumkin.
Inflyatsiyani pasaytirish borasidagi maqsad o‘zgarmasdan qolmoqda: Markaziy bank 2027 yilga borib inflyatsiyani 5 foizgacha tushirishni rejalashtirgan. Bu maqsadga erishish uchun regulyator qator yillar qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettirishini ma’lum qildi.
Markaziy bank bu yilda ham bozordagi tavakkalchiliklarni sinchiklab baholab boradi va inflyatsion xavflarga qarshi o‘z vaqtida choralar ko‘riladi, deb ta’kidlanmoqda.





