add

MDH davlatlarining razvedka va xavfsizlik xizmati rahbarlari Samarqandda yig‘iladi

15.10.2025 | 17:3014233

16–17 oktyabr kunlari Samarqand shahrida MDH davlatlari xavfsizlik va maxsus xizmatlari rahbarlarining navbatdagi majlislari bo‘lib o‘tadi. Anjumanda mintaqaviy xavfsizlik va terrorizmga qarshi kurash masalalari muhokama qilinadi.

MDH davlatlarining razvedka va xavfsizlik xizmati rahbarlari Samarqandda yig‘iladi
2025 yil 16–17 oktyabr kunlari Samarqand shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga (MDH) a’zo davlatlar xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari rahbarlari Kengashining 57-majlisi hamda razvedka xizmatlari rahbarlarining 21-majlisi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi. Anjumanda Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston maxsus xizmatlari rahbarlari ishtirok etadi. Shuningdek, yig‘ilishlarda MDH Ijroiya qo‘mitasi va MDH Aksilterror markazi vakillari ham qatnashadi. Yig‘ilishlarning asosiy maqsadi — Hamdo‘stlik makonida xavfsizlikni ta’minlash, terrorizm va ekstremizmga qarshi samarali hamkorlikni kuchaytirish, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va axborot xavfsizligi sohasidagi tahdidlarga qarshi choralar ko‘rishdan iborat. Shuningdek, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasini cheklash masalalari ham muhokama qilinadi. Tadbirlar davomida ishtirokchi davlatlar delegatsiyalari zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi birgalikdagi harakatlarni muvofiqlashtirish hamda axborot almashinuvini takomillashtirish masalalari yuzasidan fikr almashadilar. Muzokaralar yakunida delegatsiya rahbarlari mintaqaviy va global xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha yangi vazifalar va hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab olishi kutilmoqda. MDH xavfsizlik tuzilmalari o‘rtasidagi bu kabi anjumanlar har yili navbatma-navbat a’zo davlatlar hududida o‘tkazilib, jinoyatchilikka qarshi kurashda ma’lumot almashish va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Teglar

Mavzuga oid