
MIB majburiy ijroni videokuzatuv vositasida amalga oshiradi
24.06.2025 | 12:2024773
O‘zbekistonda sud hujjatlari ijrosini ta’minlash tizimi takomillashtirildi. Yangi qonunga muvofiq, majburiy ijro jarayonlari mobil videokuzatuv vositalari yordamida amalga oshiriladi.

2025 yil 17 iyunda kuchga kirgan qonunga ko‘ra, sud va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda shaffoflikni oshirish va inson omilini kamaytirish maqsadida bir qator yangiliklar joriy etildi. Ular orasida ijro jarayonlarini videoga olish, ijro hujjatlarida shaxsiy identifikatsiya raqamlarini kiritish, hamda taraflarga elektron shaklda hujjatlarni yetkazish normalari alohida ahamiyatga ega.
Qonunga muvofiq, jismoniy shaxslar uchun shaxsiy identifikatsiya raqami, yuridik shaxslar uchun esa soliq to‘lovchi identifikatsiya raqamini ko‘rsatish majburiy hisoblanadi. Shuningdek, ijro jarayonida qabul qilingan qarorlar YAIDXP va soliq organlari platformalari orqali yuboriladi.
Yangi normalardan yana biri — fuqarolarning minimal daromadiga undiruv qaratish taqiqlanadi. Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining yarmi hisobidagi mablag‘larga tegilmasligi belgilandi.
Qonun ijro jarayonini nazorat qilish uchun Majburiyatlar reyestrini yuritishni ham nazarda tutadi. Ma’lumotlar avtomatlashtirilgan tizimda saqlanib, 10 yil davomida saqlanadi.
Bundan tashqari, davlat tashkilotlari tomonidan ijro hujjatlarining bajarilmasligi uchun javobgarlik kuchaytirildi. Mansabdorlarga nisbatan jarima miqdori BHMning 20 baravarigacha oshirildi.
Yangi qonun «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida ko‘zda tutilgan maqsadlar – fuqarolar huquqlarini himoya qilish va odil sudlov samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.





