add

MobiUz'ni sotib olishga 15 kompaniya qiziqish bildirdi

14.08.2025 | 15:309484

O‘zbekiston mobil aloqa operatori MobiUz’ning 100 foiz davlat ulushini xususiylashtirish jarayonida 15 xalqaro va milliy kompaniya ishtirok etmoqda.

MobiUz'ni sotib olishga 15 kompaniya qiziqish bildirdi
Agentlikka ko‘ra, MobiUz ustav kapitalidagi davlat ulushini sotish haqidagi e’lon 2025 yil 9 iyunda berilgan. Strategik va moliyaviy maslahatchi sifatida xalqaro investitsiya banki Rothschild & Co hamda moliyaviy maslahatchi KPMG 100 dan ortiq ehtimoliy investorlar bilan muzokaralar o‘tkazdi. 1 avgustga qadar AQSH, Yevropa, arab davlatlari, Yaqin Sharq, Zakavkaz, Sharqiy va Markaziy Osiyodan 15 kompaniyadan qiziqish bildiruvchi arizalar kelib tushdi. Barcha arizalar moliyaviy imkoniyatlar, huquqiy to‘siqlar yo‘qligi, qonunchilikka rioya etish va sanksiya ro‘yxatlarida mavjud emasligi kabi mezonlar asosida baholandi. Tahlil natijasida barcha 15 kompaniya navbatdagi bosqich — majburiy bo‘lmagan takliflar (NBO) taqdim etish jarayoniga tavsiya etildi. Agentlik raqobatni oshirish maqsadida NBO yakunlangunga qadar qo‘shimcha investorlarni jalb qilish huquqini saqlab qoladi. Ushbu bosqichda tomonlar maxfiylik to‘g‘risida kelishuv imzolaydi va MobiUz’ning moliyaviy hamda operatsiyaviy ma’lumotlari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi. Takliflarni qabul qilish 2025 yil 15 oktyabr, soat 23:59da yakunlanadi. O‘zbekiston MobiUz xususiylashuvidan taxminan 300 mln dollar jalb qilishni rejalashtirgan. Fitch Solutions ma’lumoticha, 2024 yil yakunida mamlakatda 35,6 mln mobil abonent bo‘lgan, MobiUz mijozlari soni esa 8 mln nafardan oshgan. Asosiy raqobatchilar — Uztelecom, Coscom (Ucell) va Unitel (Beeline). 2024 yilda MobiUz daromadi 164 mln dollar, EBITDA ko‘rsatkichi esa 41 mln dollarni tashkil qildi. Kompaniya 2014 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2019 yilda UMS brendi MobiUz’ga almashtirilgan. Prezident qaroriga binoan, 2025 yil aprelda aniq xususiylashtirish muddatlari belgilandi.

Teglar

Mavzuga oid