
Moskvada telefoni uch kun o‘chgan migrantlar ro‘yxatdan chiqariladi
04.07.2025 | 12:4018693
2025 yil 1 sentyabrdan Moskva va Moskva viloyatida migrantlarni yangi raqamli nazorat tizimi orqali ro‘yxatga olish amaliyoti boshlanadi. Telefoni uch kun o‘chgan shaxslar avtomatik ro‘yxatdan chiqariladi.
Moskvada va Moskva viloyatida migrantlarni hisobga olishning yangi elektron tizimi joriy etiladi. Bu haqda TASS agentligi xabar berdi. Tizim 2025 yil 1 sentyabrdan boshlab sinov tariqasida ishga tushiriladi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, agar migrantning telefoni uch ish kuni davomida o‘chirilgan bo‘lsa, yoki uning geolokatsiyasi aniqlanmasa, u avtomatik ravishda ro‘yxatdan chiqariladi. Shuningdek, agar migrant boshqa hududda ro‘yxatdan o‘tsa, Rossiyadan chiqib ketsa yoki vafot etsa, ro‘yxatdan chiqarish tartibi qo‘llaniladi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, agar shaxs telefonni o‘chirsa, boshqa hududga ko‘chsa yoki maxsus ilova orqali faoliyat yuritmasa, bu uning ro‘yxatdan chiqarilishiga sabab bo‘ladi. Yangi tizim hozircha Moskva va Moskva viloyatida sinov sifatida joriy etilmoqda va 2029 yil 1 sentyabrgacha amal qiladi.
Avvalroq Rossiyaga kirish uchun ruID ilovasi orqali ariza berish ixtiyoriyligi haqida ma’lum qilingan edi. Bu arizani to‘ldirish shart emas — uning yo‘qligi chegaradan o‘tishga ta’sir qilmaydi. Biroq ariza to‘ldirilsa, migrantlar Rossiya davlat xizmatlaridan raqamli tarzda foydalanish, SNILS raqamini avtomatik olish va kirish cheklovlarini oldindan tekshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.





