
Muzokaralar «samarali», ammo janglar davom etmoqda: Abu Dabida ilk kun yakunlari
Abu Dabida AQSH vositachiligida o‘tayotgan Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarining birinchi kuni «samarali» deb baholandi. Biroq muzokaralar davom etayotgan bir paytda ham Ukraina hududiga raketa zarbalari berilishi mojaro hal etilishi yo‘lidagi asosiy qarama-qarshiliklarni yana bir bor namoyon qildi.

Ukraina va Rossiya rasmiylari AQSH vositachiligida Abu Dabida o‘tayotgan yangi muzokaralarning birinchi kunini «samarali» yakunladi. Bu haqda Kiyevning bosh muzokarachisi, Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi rahbari Rustem Umerov kecha, 4-fevral kuni X ijtimoiy tarmog‘idagi yozdi.
Ikki kunlik uch tomonlama uchrashuvlar Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya o‘tgan hafta AQSH qo‘llab-quvvatlagan energetik sulhdan foydalanib, o‘q-dorilarni zaxiralagani va 3-fevral kuni Ukrainaga rekord miqdorda ballistik raketalar bilan hujum qilganini aytganidan so‘ng boshlandi.
«Ish mazmunli va samarali bo‘ldi, aniq qadamlar va amaliy yechimlarga qaratildi», – deb yozdi Umerov.
Izoh berish uchun ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan AQSH rasmiysi ham muzokaralarni samarali deb atadi va ular bugun, 5-fevral kuni ertalab davom etishini bildirdi.

Zelenskiy kechki videomurojaatida muzokaralar haqiqiy tinchlikka olib kelishi, Rossiyaga urushni davom ettirish uchun yangi imkoniyat yaratib bermasligi juda muhim ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, Ukrainaning hamkorlari Moskvaga bosimni kuchaytirishi kerak.
«Bu hoziroq sezilishi shart. Ukrainadagi odamlar vaziyat chindan ham tinchlikka va urushning tugashiga qarab ketayotganini his qilishi kerak, Rossiya barchasini o‘z foydasiga ishlatib, hujumlarni davom ettirayotgan tomonga emas», – dedi Zelenskiy.
Zelenskiy, shuningdek, muzokaralar yaqin orada yangi asirlar almashinuviga olib kelishi kutilyotganini bildirdi.
Prezident Fransiyaning «France 2» telekanaliga bergan intervyusida Rossiya bilan urush oqibatida jang maydonida halok bo‘lgan ukrainalik harbiylar soni taxminan 55 ming nafarni tashkil etishini aytdi. Zelenskiy 2025 yil fevral oyida AQSHning «NBC» telekanaliga bergan intervyusida halok bo‘lganlar soni 46 mingdan ortiq ekanini aytgan edi.
Muzokaralar boshlanganidan ko‘p o‘tmay, Rossiya qo‘shinlari Ukraina sharqidagi gavjum bozorga kassetali o‘q-dorilar bilan zarba berdi, oqibatda kamida yetti kishi halok bo‘ldi, 15 kishi yaralandi.

BAA Tashqi ishlar vazirligi tomonidan kun boshida e’lon qilingan suratlarda uch delegatsiya U-shakldagi stol atrofida o‘tirgani, markazda esa AQSH rasmiylari – jumladan, maxsus vakil Stiv Uitkoff va AQSH prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushner o‘tirgani aks etgan.
Rossiya muzokaralar guruhiga Qurolli kuchlar Bosh shtabi Bosh razvedka boshqarmasi rahbari Igor Kostyukov boshchilik qildi.
Parijda diplomatik manbalarning aytishicha, Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning eng yuqori martabali diplomati Emmanuel Bonn 3-fevral kuni Kremlda Rossiya rasmiylari bilan uchrashgan. Manbalardan biri uchrashuvning maqsadi asosiy masalalar, eng avvalo Ukraina bo‘yicha muloqot olib borish ekanini aytdi, ammo tafsilot keltirmadi.
Asosiy masalalar bo‘yicha katta farqlar saqlanib qolmoqda
Tramp ma’muriyati to‘rt yildan beri davom etayotgan urushni tugatish uchun Kiyev va Moskvani murosaga chorlamoqda, ammo AQSH rasmiylari ishtirokida bir necha bor muzokaralar o‘tkazilganiga qaramay, tomonlar asosiy masalalarda hali ham juda uzoq.
«Yaxshi xabar shundaki, juda uzoq vaqtdan beri ilk bor Ukraina va Rossiyadan harbiy-texnik jamoalar bizning ekspertlarimiz ishtirok etadigan maydonda uchrashmoqda. Muzokaralarning o‘ziyoq taraqqiyot demoqchi emasman, ammo muloqot bo‘layotgani yaxshi», – dedi AQSH davlat kotibi Marko Rubio kecha, 4-fevral kuni Vashingtonda.
Eng nozik masalalar – Moskva Kiyev hali nazorat qilib turgan hududlardan voz kechishini talab qilishi va Rossiya ishg‘olidagi hududda joylashgan, Yevropadagi eng yirik Zaporoje atom elektr stansiyasining kelajagi.
Moskva har qanday kelishuv uchun shart sifatida Kiyev Donetsk viloyatining barcha hududlaridan, jumladan Ukraina mudofaasining eng mustahkam nuqtalari hisoblangan shaharlardan qo‘shinlarini olib chiqishini talab qilmoqda.
Ukraina esa mojaroni hozirgi front chiziqlari bo‘ylab muzlatish kerakligini aytmoqda va qo‘shinlarni bir tomonlama olib chiqishni rad etmoqda.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov kecha, 4-fevral kuni Rossiya qo‘shinlari Kiyev urushni tugatishga olib kelishi mumkin bo‘lgan «qarorlar» qabul qilmaguncha janglarni davom ettirishini bildirdi.
Rossiya Ukraina milliy hududining taxminan 20 foizini, jumladan Qrimni va 2022 yilgi bosqindan oldin egallab olingan Donbassning sharqiy qismlarini nazorat qilmoqda. Tahlilchilarning aytishicha, Rossiya 2024 yil boshidan beri Ukraina hududining taxminan yana 1,5 foizini egallagan.





