Namanganda qalbaki dollar savdosi bilan shug‘ullanganlar qo‘lga olindi
Uch nafar shaxs 100 ming dollarlik qalbaki kupyuralarni haqiqiy valutaga sotishga uringan.

Namangan viloyatida qalbaki AQSH dollarlarini muomalaga kiritishga uringan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi 1992 va 1995 yillarda tug‘ilgan fuqarolar hamda To‘raqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi 1980 yilda tug‘ilgan shaxs qalbaki 100 dollarlik kupyuralardan iborat jami 100 ming dollar mablag‘ni haqiqiy 40 ming dollarga sotishni rejalashtirgan.
DXXning Toshkent va Namangan viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda gumonlanuvchilar qalbaki 80 ming dollarni haqiqiy 40 ming dollarga sotayotgan vaqtida ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv jarayonida soxta valutalar xorijda tayyorlanib, mamlakatga aylanma yo‘llar orqali olib kirilgani aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent va Navoiy viloyatlarida ham bir guruh shaxslar 100 AQSH dollari kupyuradagi qalbaki 120 ming dollarni muomalaga chiqarishga harakat qilganligi haqida xabar berilgandi.





