
Namanganning 5 ta hududidan o‘tuvchi daryo va soy o‘zanlari auksionga chiqariladi
16.09.2025 | 21:0048156
Prezident mazkur daryo va soy o‘zanlarining 40 kilometr qismida 650 ta servis ob’ekti qurish imkoniyati borligi ta’kidlandi.

Pop, To‘raqo‘rg‘on, Uychi, Uchqo‘rg‘on va Chustdan o‘tuvchi daryo va soy o‘zanlarining muhofaza zonalari hamda konturi belgilanib, auksionga chiqariladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish so‘z bordi.
Qayd etilishicha, prezident Yangi Namanganni Chortoq bilan bog‘lovchi yo‘ldagi 13 kilometrlik tunu-kun ishlaydigan servis ko‘chasi bilan tanishgan. Kosonsoy, Namangan, To‘raqo‘rg‘on, Uychi va Yangiqo‘rg‘onda yana 8 ta shunday ko‘cha barpo etish reja qilingan. Kosonsoy markazi, Norindagi daryo bo‘ylari, Chustning G‘ova, Yangiqo‘rg‘onning Nanay, Popning Chodak qishloqlarida Bo‘stonliqdan kam bo‘lmagan go‘zal tabiat, so‘lim joylar borligi, bu joylarda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish istagida yurgan tashabbuskorlar ham juda ko‘pligi ta’kidlangan.
Shu munosabat bilan viloyat Islohotlar shtabiga tadbirkorlar bilan har bir tumanda kamida 2 tadan shunday joylarni tanlab, ular bo‘yicha master-reja ishlab chiqish, amalga oshiriladigan loyihalar hisobiga keyingi yilda 50 ming odamni ishli va daromadli qilish topshirilgan.
Shuningdek, Pop, To‘raqo‘rg‘on, Uychi, Uchqo‘rg‘on va Chustdan o‘tgan daryo va soy o‘zanlarining 40 kilometr qismida ham 650 ta servis ob’ektini qurib, 10 ming odamni daromadli qilish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilarga bu yerlarning muhofaza zonasi va konturini belgilab, auksionga chiqarishni boshlash topshirilgan.
Namanganda so‘nggi besh yilda 39 ming gektar yer qayta foydalanishga kiritildi.
Prezident To‘raqo‘rg‘onda tomchilab sug‘orish orqali 5 ming gektar adir yerlarni o‘zlashtirish ishlari boshlanganini ma’qulladi. Hozirgacha 2 ming gektar o‘zlashtirildi, shundan 1,3 ming gektarida bog‘ va uzumzor tashkil etildi, 4 ming kishi ishli bo‘lgan.
Bu ishlarni davom ettirib, Pop tumanida 4 ming gektar, Kosonsoy, Chust va Mingbuloq tumanlarida 1 ming gektardan yerni qayta foydalanishga kiritish vazifasi qo‘yildi.
Norin tumanida joylashgan baliqchilik klasteridagi ishlar yuqori baholandi. O‘sha yerning o‘zida mahalliy aholi forel balig‘i yetishtirishga o‘rgatilmoqda.
Xo‘ja-qo‘rg‘oncha mahallasidagi 25 ta xonadon klaster bilan kooperatsiya qilib, yiliga har biri 150 million so‘mgacha daromad ko‘rmoqda.
Bu tizimni ommalashtirib, Uchqo‘rg‘on va Norin tumanidagi 1 ming xonadonda forel yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, 1 sotixli 350 ta sun’iy hovuz o‘rnatib, aholiga bo‘lib berish muhimligi ta’kidlandi.
Niderlandiyalik hamkorlar bilan yiliga 20 ming tonna baliq ozuqasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.





