
Navoiy aeroportida «porto franko» rejimi joriy etiladi
Prezident qaroriga ko‘ra, Navoiy xalqaro aeroportida «porto franko» rejimi joriy etilib, 2030 yilgacha parvozlar sonini 2,3 barobarga oshirish, yo‘lovchi tashish hajmini yiliga 150 ming nafarga hamda yuk tashish hajmini 45 ming tonnaga yetkazish belgilandi.

2026 yil 9-fevral kuni Prezidentning «Navoiy xalqaro aeroporti faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–50-son qarori qabul qilindi. Hujjat Navoiy xalqaro aeroportini mintaqaviy transport-xabga aylantirish, xalqaro yuk va yo‘lovchi oqimini kengaytirish hamda investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga qaratilgan.
Parvozlar va tashish hajmlari oshiriladi
Qarorga muvofiq, 2030 yilga qadar Navoiy xalqaro aeroportida amalga oshirilayotgan parvozlar soni 2,3 barobarga oshirilib, yiliga 7 mingtaga yetkaziladi. Shu bilan birga, yo‘lovchi tashish hajmi yiliga 150 ming nafarga, yuk tashish hajmi esa 45 ming tonnagacha oshirilishi rejalashtirilgan. Bu ko‘rsatkichlar aeroportning xalqaro logistika zanjiridagi o‘rnini sezilarli darajada mustahkamlashi kutilmoqda.
Xalqaro yuk reyslari kengayadi
2026 yilning o‘zida BAA, Turkiya va Xitoydan pochta-kurerlik hamda tijorat yuklarini yetkazib berish bo‘yicha aviaqatnovlar soni haftasiga 3 taga yetkaziladi. Bu qaror elektron tijorat, ekspress logistika va transchegaraviy savdoni rivojlantirish uchun muhim infratuzilmaviy asos yaratadi.
Erkin iqtisodiy va bojxona zonalari
Transport vazirligi hamda Bojxona qo‘mitasi takliflariga asosan Navoiy xalqaro aeroporti hududida ilg‘or xorijiy tajribaga tayangan holda erkin iqtisodiy zona va «porto franko» rejimida faoliyat yurituvchi erkin bojxona zonasi tashkil etiladi. Ushbu zonada tovarlarni boj to‘lamasdan olib kirish, saqlash, qayta ishlash, import-eksport operatsiyalari, logistika, treyding, konsalting, moliya-audit va boshqa xizmat turlarini amalga oshirishga ruxsat beriladi.
Aviatsiya sohasi uchun maxsus imtiyozlar
«Porto franko» erkin bojxona zonasi hududida xorijiy havo kemalari va ularning agregatlarini ta’mirlash uchun zarur aviatexnika ehtiyot qismlari erkin almashtiriladi. Chetdan keltiriladigan ehtiyot qismlari uchun milliy sertifikatlar talab etilmasligi belgilangan. Shuningdek, mahalliy aviakompaniyalar uchun ham ushbu zonada ta’mirlash ishlarini amalga oshirish imkoniyatlari yaratiladi.
Xaridlar va modernizatsiya
Qaror bilan Navoiy xalqaro aeroporti MCHJga ayrim turdagi aviayonilg‘i, maxsus texnika va ehtiyot qismlarni davlat xaridlari tizimisiz, taklif so‘rovi asosida xarid qilishga ruxsat berildi. 2029 yil 1-yanvarga qadar maxsus texnika va ehtiyot qismlar importi bojxona bojidan ozod etiladi. Shu bilan birga, aeroport bojxona postida xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalarini qayta ishlash infratuzilmasi modernizatsiya qilinib, o‘tkazuvchanlik qobiliyati oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy aeroporti «Uzbekistan Airports» tarkibidan chiqarilishi haqida xabar bergan edik. Unga mahalliy va xorijiy aviakompaniyalar bilan yo‘lovchi va yuk tashish, tranzit hamda texnik qo‘nishlar bo‘yicha mustaqil muzokaralar olib borish hamda shartnomalar tuzish huquqi beriladi.





