
Nikolas Maduro qo‘lga olingach, neft arzonlab, dollar qimmatlashmoqda
AQSHning Venesueladagi amaliyoti bozorlarni silkitdi: neft narxlari pasaydi, dollar esa geosiyosiy noaniqlik fonida himoya aktivi sifatida mustahkamlandi.

Venesuela rahbari Nikolas Maduroni AQSH maxsus xizmatlari tomonidan qo‘lga olinishi jahon moliya bozorlarida kutilmagan reaksiyani keltirib chiqardi.
«Financial Times» ma’lumotlariga ko‘ra, siyosiy beqarorlik odatda neft narxlarini oshirsa-da, bu safar investorlar narxlar pasayishini afzal ko‘rdi. Bozor ishtirokchilari hokimiyat almashinuvi dunyodagi eng yirik neft zaxiralariga ega Venesuela neftiga yo‘l ochishi mumkin, degan kutilmalarni baholamoqda.
Dushanba kuni etalon neft markalari pasayishni namoyish etdi. «Brent» barreli 0,5 foizga arzonlab, 60,44 dollar darajasiga tushdi. «WTI» esa 0,6 foiz yo‘qotib, 56,97 dollar atrofida qayd etildi.
Ayni paytda Venesuela ko‘p yillik sanksiyalar va dengiz blokadasi tufayli jahon neft ishlab chiqarishining 1 foizdan kamrog‘ini ta’minlayotgan bo‘lsa-da, «AQSH Energetika axboroti boshqarmasi» ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat jahon tasdiqlangan neft zaxiralarining taxminan 17 foiziga ega.
Investorlar bozorda neft taqchilligidan ko‘ra, kelgusida ortiqcha taklif paydo bo‘lishini kutayotganini ochiq ko‘rsatmoqda. «Energy Aspects» konsalting kompaniyasi asoschisi Amrita Senning ta’kidlashicha, bozorda AQSH aralashuvi qo‘shimcha venesuela barrellarining qaytishiga olib keladi, degan qarash ustun. Shu bilan birga, «MST Financial» tahlilchisi Sol Kavonik geosiyosiy sarlavhalar real yetkazib berishga ta’sir qilmayotgani sababli, treyderlar bunday xatarlarga ancha befarq qarayotganini ta’kidladi.
Neft arzonlashgan bir paytda, dollar aksincha mustahkamlandi. «Bloomberg»ning xabar berishicha, AQSH dollarining spot indeksi so‘nggi ikki haftadagi eng yuqori darajaga chiqdi — 0,3 foizga o‘sdi.
Shu bilan birga, rivojlanayotgan davlatlar valyutalari bosim ostida qoldi: Meksika pesosi 0,7 foizga, yevro esa 0,3 foiga pasaydi, AQSH g‘aznachilik obligatsiyalari daromadliligi bir bazis punktga tushdi.
Bozor ishtirokchilari dollarni Venesuela atrofidagi noaniqlik va AQSH prezidenti Donald Trampning Vashington mamlakatni o‘tish davrida «boshqarishi» haqidagi bayonoti fonida asosiy himoya aktivi sifatida tanlamoqda. Shu bilan birga, investorlar yaqin kunlarda AQSHda e’lon qilinishi kutilgan inflatsiya va mehnat bozoriga oid muhim statistik ma’lumotlarni diqqat bilan kuzatmoqda.





