
Nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga berilgan yangi litsenziyalar bo‘yicha raddiya berildi
29.08.2025 | 19:1539754
Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim xususiy universitetlarga yangi ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari uchun litsenziya berilganligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bu xabarlarga raddiya berdi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabariga ko‘ra, 2025 yil 29 avgust kuni soat 06:19 dan 09:53 gacha license.gov.uz axborot tizimida texnik nosozlik yuzaga kelgan. Oqibatda ko‘rib chiqish muddati tugamagan arizalar bo‘yicha ayrim nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarining amaldagi litsenziyalariga o‘zgartirish kiritish haqidagi so‘rovlariga tizim tomonidan belgilangan talab buzilgan holda ruxsat berilgan.
Vazirlik ta’kidlashicha, mazkur holat texnik xatolik hisoblanib, hozirda uning sabablari tegishli idoralar bilan hamkorlikda chuqur o‘rganilmoqda.
Shu bilan birga, vazirlik quyidagi ta’lim tashkilotlariga yangi ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklari, ta’lim shakllari hamda faoliyat manzillari bo‘yicha qabul jarayonlarini tashkil etish uchun hech qanday ruxsat berilmaganini aytgan:
«UNIVERSITY OF BUSINESS AND SCIENCE» MCHJ – masofaviy ta’lim shakllariga;
«Osiyo Xalqaro Universiteti» MCHJ – masofaviy ta’lim shakllariga hamda Xorazm viloyati, Urganch shahridagi yangi faoliyat manziliga;
«Iqtisodiyot va Pedagogika Universiteti» NTM –tibbiyot yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari, masofaviy ta’lim shakllari hamda Surxondaryo viloyati, Denov tumanidagi yangi faoliyat manziliga;
«SHARQ-UNIVERSITY» MCHJ – bank ishi, buxgalteriya hisobi ta’lim yo‘nalishlari va barcha kechki va masofaviy shakllarga;
«PROFI UNIVERSITY» MCHJ – yurisprudensiya ta’lim yo‘nalishi, masofaviy shakl va barcha magistratura mutaxassisliklariga.
«Shu sababli, mazkur tashkilotlar tomonidan yuqoridagi yo‘nalishlar, mutaxassisliklar, ta’lim shakllari hamda faoliyat manzillari bo‘yicha e’lon qilinayotgan ma’lumotlar asossiz hisoblanadi» — deyiladi xabarda.





