Noqonuniy kripto-aktivlar savdosi bilan shug‘ullanganlar fosh etildi
Ikki nafar gumonlanuvchidan jami 229 dona turli banklarga tegishli bank kartalari, 22 ta uyali telefon hamda 3 ta SIM-karta aniqlanib, belgilangan tartibda rasmiylashtirib olingan.

Toshkent shahrida qonunga xilof ravishda kripto-aktivlar savdosini amalga oshirgan ikki shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2002 yilda tug‘ilgan M.Abror va 2004 yilda tug‘ilgan Z.Boisxon Shayxontohur tumanidagi yashash manzilida qo‘shimcha qurilmalar va dasturiy vositalar yordamida ijtimoiy tarmoqlarda maxsus sayt ochib, noqonuniy kriptovalyutalar aylanmasini bilan shug‘ullangan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur shaxslar 2025 yil iyul oyidan 2026 yil yanvar oyiga qadar jami 793 ming USDT miqdorida kripto-aktivlar aylanmasini amalga oshirgan. Bu esa yirik miqdordagi noqonuniy moliyaviy operatsiya sifatida baholanmoqda.

Tezkor tadbirlar davomida gumonlanuvchilardan 1 dona komputer, 22 ta uyali telefon, 3 ta SIM-karta hamda 229 ta turli bank kartalari olib qo‘yildi. Ushbu ashyoviy dalillar rasmiy tartibda hujjatlashtirilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining kripto-aktivlar aylanmasiga oid moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.





