add

Octobank Humans'dan 500 mlrd so‘mni sud orqali undirishga erishdi

Toshkent iqtisodiy sudi Humans kompaniyasini Octobank foydasiga 500 milliard so‘mdan ortiq qarz va zararni to‘lashga majbur qildi. Sud qaroridan so‘ng tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik rasman to‘xtatildi.

Octobank Humans'dan 500 mlrd so‘mni sud orqali undirishga erishdi
2025 yil 13 iyun kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi Octobank AJ va Humans MCHJ o‘rtasidagi nizoli ish bo‘yicha hal qiluv qarorini e’lon qildi. Sud Humans kompaniyasini bank oldidagi qarzdorlikni qoplashga va yetkazilgan zararni to‘lashga majbur qildi. Undiriladigan umumiy summa 500 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etdi. Octobank ushbu qarorni o‘z qonuniy huquqlarini himoya qilishdagi muhim qadam sifatida baholadi. Bank tomonidan bildirilishicha, u hamkorlikda faoliyat yuritishda shaffof va adolatli munosabatlarga sodiq qoladi. Ma’lumot uchun, 2020 yildan buyon Octobank va Humans o‘rtasida moliyaviy xizmatlar bo‘yicha hamkorlik amal qilgan. Biroq 2025 yil 13 iyundan boshlab bu munosabatlar rasman to‘xtatildi. Octobank Humans tomonidan kliring operatsiyalari bo‘yicha qarzdorlik mavjudligi va xizmatlar uchun komissiya to‘lanmaganini ta’kidlagan. Hozircha Humans kompaniyasi sud qarori bo‘yicha rasmiy munosabat bildirmagan. Ilgari esa kompaniya Octobank shartnoma majburiyatlarini muntazam bajarmagani bois unga qarshi da’vo tayyorlayotganini ma’lum qilgan edi. Shu bilan birga, Humans brendiga egalik qiluvchi Singapurning Humans Mobile kompaniyasi O‘zbekiston davlat organlariga qarshi xalqaro arbitraj ishi qo‘zg‘atganini e’lon qilgan. Kompaniya Markaziy bank va “Uzbektelecom”ni o‘z huquqlarini buzganlikda ayblagan. “Uzbektelecom” esa Humans o‘z tarmog‘idan foydalangan holda daromad topishda davom etganini, biroq majburiyatlarini bajarishda kechiktirayotganini bildirgan.

Teglar

Mavzuga oid

Octobank Humans'dan 500 mlrd so‘mni sud orqali undirishga erishdi | Vaqt.uz